Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning kambag‘allikka qarshi kurashish tajribasi xalqaro miqyosda yuqori baholanmoqda
18:36 / 2024-08-27

Bugun poytaxtimizda Ko‘p o‘lchovli kambag‘allik bo‘yicha hamkorlik xalqaro tarmog‘i (MPPN) 9-yig‘ilishi boshlandi. Har yili dunyoning turli mamlakatlarida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga bu yil mamlakatimiz mezbonlik qilmoqda.

Xalqaro forum Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR), Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi (BMT TD) hamda Oksford kambag‘allikka qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish tashabbusi (OPHI) ko‘magida tashkil etildi.

63 mamlakat, 30 dan ziyod xalqaro tashkilotlardan yetakchi siyosatchi, iqtisodchi ekspertlar to‘plangan anjuman avvalida Prezidentning iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ravshan G‘ulomov davlatimiz rahbarining yig‘ilish ishtirokchilariga yo‘llagan Murojaatnomasini o‘qib eshittirdi.

Murojaatnomada mamlakatimiz fuqarolarining yashash sharoitini yaxshilash, ta’lim va tibbiy xizmat ko‘lami, sifatini oshirish inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarimizning asosiy yo‘nalishi ekaniga e’tibor qaratilgan. Bog‘cha va maktablar barpo etish, tibbiy xizmat, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 31,5 trillion so‘m investitsiya kiritilishi buning isbotidir.

Yurtimizda ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, davlat ko‘magiga muhtoj oilalarga sifatli xizmat ko‘rsatish doimiy e’tiborda. Shu maqsadda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgan, tumanlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayonda 2 million 300 mingdan ziyod oila qamrab olingan. Bu 2017 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p. So‘nggi uch yilda ko‘makka muhtoj 3 million aholining turmush sharoiti yaxshilandi.

Uch kunlik forum davomida ishtirokchilar kambag‘allikni kamaytirish sohasidagi tajriba, xalqaro amaliyot bilan o‘rtoqlashadi.

[gallery-18942]

– Forumga mamlakatimiz mezbon sifatida tanlanishi ko‘p o‘lchovli kambag‘allikka qarshi yanada samarali kurashish, muammoni chuqur anglash va baholashga qaratilgan islohotlarimizga nirsbatan xalqaro hamjamiyatning e’tirofidir, – dedi Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti direktori Xurshid Zafariy. – Bugungi kunda kambag‘allikni qisqartirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab berilgan. Kambag‘allik darajasi 2022 yildagi 17 foizdan 11 foizga tushdi. Har bir oila bilan yangicha, alohida ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bugungi tadbir sohada erishgan yutuqlarni tahlil qilish, o‘zaro tajriba almashishda muhim ahamiyatga ega.

Shu ma’noda O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar, xususan aholini zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish, ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy tadbirkorlik sub’ektlariga mikrokredit ajratish, aholining ehtiyojmand qatlamiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan “Mahallabay” dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Zero, ayni sa’y-harakatlar 2,3 milliondan ortiq aholining ijtimoiy ahvolini yaxshilashga yordam bergan.

Xorijlik ekspertlar tomonidan o‘ta dolzarb va muhim mavzu bo‘yicha fikr, tajriba almashish uchun noyob imkoniyat sifatida baholangan mazkur forumda mutaxassislar butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlar hayotini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yechimlar ustida birgalikda ish olib borishmoqda. Hozir O‘zbekistonda BMT Taraqqiyot dasturi yordamida ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksini o‘lchash loyihasi asosida maxsus konsepsiya joriy etilmoqda. Qolaversa, tadbir Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va kambag‘illikka qarshi kurash bo‘yicha xalqaro standartga sodiqlikni tasdiqlash yo‘lida tashlangan muhim qadamdir.

– BMT Taraqqiyot dasturi odamlar hayotini chinakamiga o‘zgartiradigan siyosat yuritish maqsadida mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi, – dedi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl. – Bu jarayon yangi ish o‘rinlari yaratish va malaka oshirish, infratuzilmani yaxshilash, yangi bozorga kirish va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, kredit olish imkoniyatini ta’minlash orqali mahalliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish kabi muhim jihatlarni qamrab oladi. Jamiyat tomonidan boshqariladigan taraqqiyotga e’tibor qaratish orqali biz kamabag‘allikning turli qirralari bilan kurashamiz, doimiy ravishda ijobiy o‘zgarish yasaymiz.

Tadbirda Maldiv orollari uy-joy, yer va shaharsozlik vaziri doktor Ali Haydar Ahmad, Xitoydagi Kambag‘allikni qisqartirish xalqaro markazi (IPRCC) bosh direktori doktor Lyu Szyuven, Panama ijtimoiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Rikardo Landero, Shri-Lanka Milliy rejalashtirish departamenti bosh direktori R.X.V.A. Kumarasiri va Islom taraqqiyot banki guruhi bosh iqtisodchisi Orif Sulaymon ma’ruza qildi.

Anjuman davom etyapti.

Go‘zal Sattorova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA