Bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekistonning JSTga kirish yo‘li” mavzuida xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Mazkur oliy o‘quv yurti va Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik mutaxassislar, diplomatik korpus vakillari va elchilar ishtirok etdi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti birinchi prorektori Durbek Omonov, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili, bosh muzokarachi Azizbek O‘runov va boshqalar O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti va strategik joylashuvi bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish arafasida turgani, bu jarayonda xalqaro hamkorlarning qo‘llab-quvvatlashi va tajribasi amaliy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili, bosh muzokarachi Azizbek O‘runov aytib o‘tganidek, jamoa a’zolari va milliy ekspertlarning salohiyatini oshirish juda muhim. Ushbu anjumanning tashkil etilishi ham shunga xizmat qiladi.
– JST O‘zbekiston uchun, shubhasiz, ustuvor vazifa hisoblanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev a’zolikka kirish bo‘yicha o‘z oldiga aniq, erishilishi mumkin bo‘lgan maqsadlarni qo‘ymoqda. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida ulkan qadamlar tashladik. Joriy yilda bu borada salmoqli natijalarga erishamiz, deb ishonaman, – dedi A.O‘runov.
[gallery-13528]
Qayd etilganidek, ushbu anjuman ishtirokchilar uchun o‘zaro muloqot maydoni bo‘lib, unda xalqaro savdo hamkorligini oshirish bo‘yicha umumiy fikrga ega bo‘lgan akademik doiralar, hukumat va sanoat vakillari o‘rtasida bilim, ilg‘or tajribalar almashish va ular o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatishga imkoniyat mavjud.
–Keyingi yillarda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasi ancha jadallashdi. Chunki O‘zbekiston taraqqiyoti bosqichida buning ahamiyati kattaligi va dolzarbligini ko‘rib turibmiz. Aytib o‘tish kerakki, JSTga a’zo bo‘lish oson jarayon emas. JSTga a’zo bo‘lish uchun juda ko‘p ishlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi. Birinchi navbatda, parlament a’zosi sifatida milliy qonunchiligimizni inventarizatsiya qilib, JSTga a’zo davlatlarning tajribasidan kelib chiqqan holda, nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha tegishli qonun-hujjatlarini yanada takomillashtirish kerak, – Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyeva.
Anjumanda savdoga ko‘maklashish va tartibga solish islohotlari, iqtisodiy va tijorat imkoniyatlari, huquqiy va institutsional, mahalliy sanoatga ta’siri, halqaro hamkorlik, jamiyatning xabardorligini oshirish masalalari bo‘yicha so‘z yuritildi.
Unda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish orqali kelajakda erisha oladigan potensial iqtisodiy foyda, chet el bozorlariga kirish va yangi savdo imkoniyatlari, JSTga muammosiz o‘tishni ta’minlash uchun ishlab chiqilishi va takomillashtirilishi lozim bo‘lgan huquqiy va institutsional asoslar kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, ekspertlar O‘zbekistonning savdoni tartibga solish bilan bog‘liq islohotlarni JST standartlari va amaliyotiga qay darajada moslashtirganini tahlil qildi.
Nasiba Ziyodullayeva, Murodxon Xo‘jayev (surat), O‘zA muxbiri