Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni qanday kechmoqda?
14:53 / 2025-12-24

Ma’lumki, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish O‘zbekiston uchun tashqi bozorlarga barobar huquqli kirish, milliy ishlab chiqaruvchilar uchun teng raqobat muhiti yaratish va iqtisodiy islohotlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish imkonini beradi.

JSTga qo‘shilish orqali mamlakatimiz savdoda asossiz cheklovlardan himoyalanadi, eksport salohiyati kengayadi va xalqaro investorlar ishonchini oshiradi. Bu qadam mamlakatning ochiq va raqobatbardosh iqtisodiyotga integratsiyasida strategik ahamiyat kasb etadi.

Ahamiyatli jihati shuki, 2025 yil 1 dekabr holati bo‘yicha O‘zbekiston JSTga a’zo davlatlarning katta qismi bilan bozorga kirish shartlari bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Xo‘sh, bu jarayonlar qanday kechmoqda? Mazkur savol bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish va xizmatlar sohasini tartibga solish bo‘limi boshlig‘i Sirojiddin Jo‘rayevga murojaat qildik.

–Avvalo, bu boradagi yangiliklar Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bog‘liq. Negaki, 2023-2025 yillarda O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayoni sezilarli darajada tezlashdi. Tashqi savdo siyosatini liberallashtirish, savdo qoidalari va standartlarni xalqaro normalarga muvofiqlashtirish hamda tashqi savdoni tartibga solishda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan tizimli islohotlar bu jarayonni yakuniy bosqichga olib chiqdi.

2025 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston JSTga a’zo davlatlarning katta qismi bilan bozorga kirish shartlari bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Bu esa qo‘shilish jarayonida erishilgan muhim amaliy natijalardan biri sifatida baholanmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi JSTga a’zolik jarayonida xizmatlar bozoriga kirish, qishloq xo‘jaligi, shuningdek umumiy iqtisodiy, fiskal va bojxona siyosati yo‘nalishlarida muzokaralar olib borish uchun mas’ul hisoblanadi.

JST bo‘yicha Ishchi guruh yig‘ilishlari soni 6 tadan 11 tagacha oshdi. Ularda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususan qishloq xo‘jaligi siyosati, soliq va bojxona tartibotlari, texnik tartibga solish hamda sanitariya va fitosanitariya talablari bo‘yicha o‘zgarishlar atroflicha taqdim etildi.

Ko‘p tomonlama muzokaralar doirasida JSTga a’zo davlatlar tomonidan O‘zbekistonning iqtisodiy siyosatiga oid 600 ga yaqin savol va murojaatlar kelib tushdi. Ushbu masalalarga mamlakat tomonidan izchil, asosli va shaffof javoblar berildi.

Hozirgi paytga qadar JSTga a’zo 19 ta davlat bilan xizmatlar bozoriga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar to‘liq yakunlandi. Bu O‘zbekistonning xalqaro savdo maydonida teng huquqli hamkor sifatida harakat qilayotganini ko‘rsatadi.

So‘nggi ikki yilda qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan alohida formatda 4 ta muzokara o‘tkazildi. 2025 yil 4 noyabr kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi yig‘ilishda Kerns guruhi O‘zbekistonning ma’lumotlar taqdim etishdagi shaffofligi va statistikani takomillashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Yig‘ilish doirasida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek  Haydarov O‘zbekiston agrar siyosatini JST qoidalariga moslashtirish bo‘yicha taqdimot bilan chiqdi. Davlat tomonidan qishloq xo‘jaligiga ajratilayotgan qo‘llab-quvvatlash mablag‘lari yuzasidan 20 dan ortiq savollarga batafsil javob berildi.

Aytish kerakki, bu jarayon qonunchilikni xalqaro me’yorlarga moslashtirish bilan uzviylikda amalga oshirildi. Xususan, 2025 yil davomida JST talablari doirasida 10 dan ortiq yangi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va 54 ta amaldagi hujjat xalqaro standartlarga moslashtirildi. Jumladan, joriy yil 18 aprel kuni qabul qilingan Prezidentimizning farmoni texnik tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya sohalaridagi islohotlarga kuchli turtki berdi. Shuningdek, eksport subsidiyalari va eksklyuziv huquqlar bekor qilindi, davlat korxonalarining ayrim imtiyozli vakolatlari tugatildi va O‘zbekiston intellektual mulk sohasidagi muhim xalqaro shartnomalarga qo‘shildi.

Yakuniy natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsam, kelgusi davrda Ishchi guruh hisobotini to‘liq yakunlash, barcha davlatlar bilan ikki tomonlama bayonnomalarni imzolash va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishish asosiy maqsad sifatida belgilangan.

Muxtasar aytganda, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi. Muzokaralar faol tus oldi, asosiy savdo sheriklari bilan ishonch mustahkamlandi, milliy qonunchilik xalqaro talablarga yaqinlashtirildi. Bu esa mamlakatning global savdo tizimiga to‘laqonli qo‘shilishi uchun mustahkam asos yaratmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA