Munosabat
Bugungi kunda yurtimizning jahondagi nufuzi, mintaqaviy va global masalalarga daxldorligi hamda xalqaro tashkilotlardagi obro‘si sezilarli darajada oshib bormoqda. Buni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Nyu-York shahriga rasmiy tashrifi davrida Amerika Qo‘shma Shtatlari va xalqaro tashkilotlarning davlatimiz rahbariga ko‘rsatgan ehtiromidan anglash mumkin.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida davlatimiz rahbarining qatnashishi, BMT faoliyatida mamlakat ishtiroki bilan birga, Amerika bilan ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun xizmat qiladi.
Prezidentimizning jadal siyosiy muloqotlari natijasida tog‘-kon sanoati, moliya va innovatsiyalar, kimyo, energetika, fuqaro aviatsiyasi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda shartnoma va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, xavfsizlik, terrorizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik masalalarida ham kelishuvlarga erishilganligi ikki tomon uchun ham manfaatlidir.
Bunday natijalar konstruktiv tashqi siyosat, tashabbuskorlik va uddaburonlikka asoslangan sa’y-harakatlar bilan bog‘liq. Bunday xalqparvar siyosat va hamjihatlikka asoslangan strategiya nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro hamjamiyat oldida ham katta qiziqishlarga sabab bo‘ldi va qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining “Boeing Global” kompaniyasi prezidenti Brendan Nelson bilan uchrashuvi hamda “Boeing 787 Dreamliner” samolyotlarining xarid qilinishi ikki davlat uchun ham manfaatli kelishuvlardan bo‘ldi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp bu kelishuvga ijobiy munosabat bildirib, samimiy uchrashuv chog‘ida Shavkat Mirziyoyevni qizg‘in tabrikladi. “O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashish men uchun katta sharaf, u katta hurmatga sazovor inson...”, deya e’tirof etgani va mamlakatimizda erishilayotgan yutuqlarni yuqori baholagani o‘zaro do‘stlik va hamkorlik darajasi yuqorilayotganidan dalolatdir.
Ta’kidlash joizki, BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida Prezidentimizning taklif va tashabbuslarga boy nutqi esa nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo xalqlari hayotida ham muhim ahamiyatga molik bo‘ldi.
Ayniqsa, butun dunyoda tinchlik o‘rnatish, terrorizmdan saqlanish, har bir mamlakatning mustaqilligini hurmat qilish, inson huquqlari borasida BMT talablariga mos munosabatda bo‘lish masalalari davlatimiz rahbari nutqida o‘z ifodasini topdi.
Prezidentimiz nufuzli minbardan “Hozirgi kunda dunyoda xalqaro institutlarning o‘rni va roli zaiflashmoqda, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchaymoqda, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshmoqda, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib bormoqda. Bularning hammasi mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirmoqda”, deb kuyunchaklik bilan qilgan murojaati barcha tinchlikparvar xalqlar uchun ahamiyatli voqea bo‘ldi.
Darhaqiqat, bugungi geosiyosiy vaziyat nechog‘lik og‘ir ekanligi, davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar kuchayib, qurollanish avjiga chiqib borayotganligi sir emas.
Shunday ekan, davlatimiz rahbari nufuzli minbardan bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib, “Biz zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdorimiz”, deb o‘zining qat’iy taklifini ilgari surdi.
Shuningdek, nutqda Markaziy Osiyoda Global aksilterror strategiyasini bajarish bo‘yicha samarali ishlar olib borilayotganligi alohida ta’kidlanib, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha Mintaqaviy Kengash tuzilganligini e’tirof etdi va uni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish bo‘yicha adolatli taklifini bildirdi.
Shu bilan bir vaqtda, ushbu Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoitlar yaratishga tayyorligimiz ochiqlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, bunday serqirra tashabbus va sa’y-harakatlar mamlakatlarning iqtisodiy qudratini mustahkamlash, barqaror tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash hamda xalq farovonligini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Abdukamol RAHMONOV,
O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy kengashi
raisining birinchi o‘rinbosari.
O‘zA