O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishining milliy iqtisodiyotga ta’siri borasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bo‘lim boshlig‘i Abdurashid Bozorov quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Erkin savdo rejimi asosida respublikamiz importining 42 foizi amalga oshirilmoqda va 55 foiz import eng ko‘p qulaylik rejimi joriy etilgan mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu mamlakatlar uchun belgilangan savdo tariflarida asosiy o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Eng ko‘p qulaylik rejimini yaratgan holda savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi bitimlar imzolangan davlatlar 47 ta. Erkin savdo rejimini yaratgan holda savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi bitimlar imzolangan davlatlar 10 ta. Ularga, Belarus Respublikasi, Gruziya Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Moldova Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston, Ukraina, Tojikiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi kiradi.
Umuman olganda, JST bu ko‘p sonli davlatlar o‘rtasida xalqaro shartnomalar bo‘lib, hozirda tashkilotga a’zo mamlakatlar jahon savdosining 98 foizdan ziyod qismini amalga oshirmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston iqtisodiyoti mamlakat JSTga kirganidan keyin qanday o‘zgarishini baholadi. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga 164 mamlakat bilan savdo tizimini yo‘lga qo‘yish va barqaror savdo bozorlarni topish imkonini beradi. JSTga qo‘shilishimiz mamlakatimiz iqtisodiyotiga asosan ikkita yo‘nalishda ta’sir qiladi.
Tarif (bojlar bilan bog‘liq) va notarif to‘siqlarning kamayishi yoki bekor qilinishi orqali import narxlarining pasayishi, ma’lum guruh mahsulotlar uchun jami import hajmining ortishi kuzatiladi. Bu esa o‘z navbatida ichki bozorni sifatli va arzon mahsulotlar bilan to‘ldiradi. Ichki bozorda raqobat muhitini yaxshilaydi. Narxlarning arzonlashishi esa aholi real daromadlarining ortishiga olib keladi va boshqa turdagi iste’mol mahsulotlarini xarid qilish, bu orqali esa umumiy iqtisodiy o‘sish imkoniyatini beradi. Bugungi kunda amaldagi o‘rtacha bojlar ko‘rsatkichi 7,4 foizni tashkil etmoqda va bu ko‘rsatkich jahonda tariflash orqali ichki bozorlarni himoyalash bo‘yicha o‘rtacha hisoblanadi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi JSTga a’zo bo‘lgan mamlakatlar tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun tarif va tarifsiz to‘siqlarni bekor qilinishi hisobiga eksport hajmining ortishi va bu orqali mamlakatda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining ortishiga olib keladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan "Computable General equilibrium" ("Umumiy muvozanat modeli") modeli asosida ya’ni umumiy iqtisodiyot balansi modeli orqali O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishining milliy iqtisodiyotga ta’siri tahlil qilindi. Tahlillarda savdoni liberallashtirish 3 xil ssenariy bo‘yicha ko‘rib chiqildi. Bunda 20, 50 va 80 foizga savdo tariflarini yoki bojlarini kamaytirish ta’siri hisoblandi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, YAIM ko‘rsatkichlari qo‘shimcha 0,4-0,5 foizga va aholi farovonligi (aholining real daromadlari) yoki sotib olish qobiliyati 0,9 foizgacha ortadi. Bundan tashqari umumiy narxlar 0,1 foizga pasayishi kutilmoqda. Shu bilan birga, tashqi savdo ham o‘sadi. O‘sish birinchi va ikkinchi ssenariylar bo‘yicha mos ravishda eksport uchun +1,7 foizdan +2,8 foizgacha va import uchun +1,7 foizdan +2,9 foizgacha bo‘ladi.
Agar alohida tarmoqlarda ishlab chiqarishning o‘sishiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, eng yuqori sur’atlarini metallurgiya, metall rudalarini ishlab chiqarish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va ichimliklar sanoati ko‘rsatdi.
Eksportda metallurgiyada, xususan, mashinasozlikning barcha sektorlarida (bular elektr jihozlari, transport vositalari) anchayin jadal o‘sish kutilmoqda. Ammo shu bilan birga, xuddi shu sektorlar bo‘yicha importning sezilarli darajada o‘sishi qayd etildi. Import haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, oziq-ovqat sanoati tovarlari yetkazib berish, farmatsevtika, plastik va rezina mahsulotlari, boshqa mineral nometal tovarlar va h.k. importining o‘sishi faollashadi. JSTga qo‘shilish mamlakatimiz tashqi savdosi geografiyasining o‘zgarishiga olib keladi.
Bunda tashqi savdoning erkin savdo rejimi joriy etilgan mamlakatlarda kamayishi va eng ko‘p qulaylik rejimini yaratgan holda savdo qiluvchi mamlakatlarning ulushi ortishi kuzatiladi. Umuman olganda mamlakatimizning JSTga qo‘shilishi savdoni boshqarish bilan bog‘liq byurokratiyani kamaytiradi, ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshiradi, arzon oraliq yarim tayyor va tayyor mahsulotlar bilan aholi va sanoat tarmoqlari talabini samarali qondiradi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA