Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin egallaydigan ikki ko‘rgazma
18:03 / 2023-10-04

Bugun Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Plastmassa sanoati – Plastex Uzbekistan-2023” o‘n uchinchi va “Isitish, ventilyatsiya, havoni konditsionerlash, suv ta’minoti, santexnika, basseynlar, atrof-muhitni muhofaza qilish texnologiyalari, muqobil energiya manbalari – Aquatherm Tashkent-2023” 11-xalqaro ko‘rgazmalari o‘z ishini boshladi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan ko‘rgazma ochilishida Ўзбекистон Respublikasi Kurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova, Turkiya havo konditsionerlash sanoati eksportchilar uyushmasi prezidenti Mehmet Sanal va boshqalar mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy hayotida muhim ahamiyat kasb etadigan har ikki ko‘rgazma ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlarga puxta zamin yaratishini qayd etdi.

Ko‘rgazmalarda 18 davlatdan 300 dan ziyod kompaniya va korxona o‘z mahsulotlari bilan qatnashmoqda.

Ta’kidlash kerakki, “Plastmassa sanoati – Plastex Uzbekistan-2023” xalqaro ko‘rgazmasi plastmassa va polimer bozorining so‘nggi rivojlanish tendensiyalarini, “Aquatherm Tashkent-2023” ekspozitsiyasi maishiy santexnikadan tortib havoni konditsionerlash tizimlari va qayta tiklanuvchi energiya uskunalarigacha bo‘lgan bozor yangiliklari va eng so‘nggi ishlanmalarini qamrab olgan.

Bu yil “Aquatherm Tashkent-2023” xalqaro ko‘rgazmasida 24 ta маҳаллий kompaniya turli xil nasos uskunalari, mis quvurlar, issiq suv va bug‘ qozonlari, radiatorlar, iqlim hosil qilish tizimlari, santexnika kabi mahsulotlarini ishtirokchilar e’tiboriga havola etmoqda.

– Biz ushbu ko‘rgazmada “Shivaki” kompaniyasining turli hajmdagi suv isitgichlarini namoyish etyapmiz, –dedi ushbu kompaniyaning savdo menejeri Ruhiddin Rafiqov. – Bundan ko‘zlangan maqsad mahalliy va xorijlik ishbilarmonlar bilan muloqot qilish va ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. An’anaviy o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rgazma biz uchun har yili yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Hayitboyevaning so‘zlariga ko‘ra, ikki ko‘rgazma ham O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin egallaydi. 

– Ko‘p yillardan buyon an’anaviy namoyishga aylangan ko‘rgazmalar faoliyati va ularda qatnashish istagini bildirayotgan ishlab chiqaruvchilarning son jihatdan yildan-yilga oshib borayotgani fikrimiz isbotidir. Shu o‘rinda “Plastex Uzbekistan-2023” xalqaro ko‘rgazmasi  O‘zbekistonda plastmassa va polimerlar sohasidagi yetakchi ko‘rgazma hisoblanadi. Xuddi shu kabi  “Aquatherm Tashkent-2023” ko‘rgazmasi bevosita kuz-qish fasliga taraddud ko‘rish jarayonida yangiliklar bilan tanishishda yanada ahamiyatli. Chunki aynan kuz faslida isitish, ventilyatsiya, havoni konditsionerlash, suv ta’minoti, santexnika, basseynlar, atrof-muhitni muhofaza qilish texnologiyalari, muqobil energiya manbalari taqdimoti bilan yaqindan tanishish har qanday muammolar yechimida foydalidir, – dedi N.Hayitboyeva. 

 [gallery-13859]

Xitoyning “Haowang Group” kompaniyasi mahsulotlari Plastex Uzbekistan-2023” xalqaro ko‘rgazmasi pavilonidan o‘rin olgan. Kompaniya uchun ajratilgan bo‘limda gulqog‘ozlar namoyish etilyapti.

– Kompaniyamiz asosan devor pardozi uchun gulqog‘ozlarni ishlab chiqaradi. Biz mamlakatingizda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda bu gal uchinchi bor ishtirok etayapmiz. Birinchi yili ishtirok etganimizda u darajada natija bo‘lmadi. Ikkinchi yili esa juda samarali bo‘ldi. Bu gal esa katta qiziqish bilan qatnashmoqdamiz. Negaki, endi O‘zbekistonda hamkorlarimiz soni oshib bormoqda, – dedi Haowang Group” kompaniyasi savdo menejeri  Judi Dju.

Ko‘rgazma 6 oktyabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.

    Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA muxbiri