English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning investitsiya salohiyati yangi bosqichda
13:36 / 2025-06-13

Munosabat

Toshkent shahri joriy yilning 10-12 iyun kunlari to‘rtinchi bor xalqaro investitsiya forumiga mezbonlik qildi. Bu yilgi anjuman O‘zbekistonning global investitsiya maydonidagi o‘rni va nufuzi oshib borayotganini yana bir bor tasdiqladi. Forum mamlakatning tashqi investitsiyalarga ochiqligi, iqtisodiy islohotlarning izchilligi hamda strategik hamkorlikni mustahkamlashga intilishini namoyon etuvchi muhim platformalardan biriga aylandi.

Forumda 8 mingdan ortiq delegat, jumladan, 100 ga yaqin davlatdan salkam 3 ming nafar xorijiy mehmon ishtirok etdi. Buni, avvalambor, mamlakatimizga bo‘lgan hurmat, o‘zaro ishonch va yaqin hamkorlikning amaldagi ifodasi deyish mumkin. Ishtirokchilar orasida xalqaro moliya institutlari, yirik transmilliy kompaniyalar, investitsiya jamg‘armalari, davlat va xususiy sektor vakillari ham bor edi. Shuningdek, forumda 150 nafardan ortiq taniqli spiker ishtirokida 36 ta panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Yana bir muhim jihat, Toshkent investitsiya forumida ilk bor sanoat ko‘rgazmasi o‘tkazildi. 12 ming kvadrat metr maydonni egallagan ko‘rgazmada elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, charm sanoat, qurilish materiallari, mashinasozlik, tog‘-kon sanoati, metallurgiya, energetika, avtomobilsozlik, kimyo, moliyaviy xizmatlar, IT, turizm va boshqa sohalarda loyiha takliflarini taqdim etgan 100 ga yaqin mahalliy korxonalar ishtirok etdi. 

Qolaversa, forum doirasida yirik investitsiya loyihalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi va umumiy qiymati 30,5 milliard dollarlik investitsiya va savdo bitimlari imzolandi. Bu natija O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan ishonch va mamlakatdagi investitsiya muhiti yaxshilanib borayotganini ko‘rsatadi. Ushbu natijalar nafaqat xorijiy sarmoyadorlarning ishonchi ortayotganini, balki O‘zbekistonning strategik tarmoqlarda yuqori texnologiyalar va barqaror investitsiyalar jalb etishga intilayotganini ham tasdiqlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev forumda so‘zga chiqib, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, xususan, xususiy mulkni himoya qilish, soliq va bojxona sohalaridagi yengilliklar, korrupsiyaga qarshi kurash va biznes yuritishdagi shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilganligini ma’lum qildi. Bu hujjat xorijiy investorlarning huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamlash, investitsiya nizolarini hal etish mexanizmlarini takomillashtirish va mamlakatdagi investitsiya muhitini yanada barqaror qilishni ko‘zda tutadi.

Forum doirasidagi muhokamalarda davlat-xususiy sheriklik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, kommunal xizmatlar va transport sohalaridagi loyihalar taqdim etildi. Bu xususiy sektorning mamlakat infratuzilmasini rivojlantirishdagi faol ishtirokini ta’minlash imkonini beradi. Shuningdek, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga qaratilgan maxsus panellar tashkil etildi. Unda startaplar, venchur moliyalashtirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi. Xalqaro tajribaga tayangan holda O‘zbekistonda startap ekotizimini shakllantirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Xulosa qilib aytganda, Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat investitsiyalar jalb etish, balki strategik hamkorlik va taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston bu kabi xalqaro maydonlarda o‘zini ochiq, islohotchi va barqaror iqtisodiy siyosat yurituvchi davlat sifatida namoyon etmoqda.

Tadbir natijalari shuni ko‘rsatadiki, mamlakat nafaqat mintaqaviy, balki global sarmoyadorlar uchun ham ishonchli hamkor hisoblanmoqda. Forumning yuqori saviyada tashkil etilishi, erishilgan aniq va amaliy natijalar, shu jumladan, milliardlab dollarlik yangi kelishuvlar va loyihalar, shubhasiz, O‘zbekistonning investitsiya salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi va uning jahon iqtisodiy maydonidagi o‘rnini mustahkamlaydi.

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 

Ekologiya va atrof-muhitni

muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA