Bugungi kunda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga o‘nta davlat – Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston a’zo.
Mamlakatimiz mazkur xalqaro tuzilmadagi sheriklari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqani kengaytirish, jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish, mintaqada transport yo‘laklarini, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, mavjud imkoniyatdan samarali foydalanish va yangi yo‘nalishlarni yaratish muhim vazifa sanaladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorligi sezilarli darajada faollashdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2021 yil O‘zbekistonning tuzilma tarkibidagi mamlakatlar bilan tovar aylanmasi 35,1 foiz o‘sib, 11,2 milliard dollarga yetdi. 2022 yil o‘sish tendensiyasi davom etdi va tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi 10,4 foiz o‘sib, 12,4 milliard dollarni tashkil qildi.
O‘zbekiston tashqi savdosida IHT ulushi 24,7 foizni tashkil etadi. E’tiborli jihati, 5,75 milliard dollarlik eksport hajmi 2021 yilga nisbatan 6,3 foiz yuqori. Import esa 6,62 milliard dollar – 14,3 foiz o‘sgan. O‘tgan yil umumiy eksportning uchdan bir qismi – 29,8 foizi IHT mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Yana bir ma’lumot: o‘tgan yil tovar ayirboshlashda eng ko‘p ulush Qozog‘iston (37,5 foiz) va Turkiya (26,3)ga tegishli bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarni Qirg‘iziston (10,2), Turkmaniston (7,5), Afg‘oniston (6,1), Tojikiston (5,5), Eron (3,5), Pokiston (1,9) va Ozarbayjon (1,5) egalladi.
Joriy yil 9 oyi ko‘rsatkichini kuzatsak, hamkorlik sezilarli darajada faollashganiga guvoh bo‘lamiz. Yana raqamlarga murojaat qilamiz: hisobot davrida IHT doirasida tovar aylanmasi 9,2 milliard dollarni, a’zo mamlakatlarning O‘zbekiston umumiy tovar aylanmasidagi ulushi 20,5 foizni tashkil etdi. Bunda eksport miqdori 4,2 milliard dollar, import esa 5,0 milliard (+3,3%) dollarga teng.
IHT mamlakatlari mamlakatimizning asosiy eksport-hamkor davlatlari qatoriga kiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur mintaqaviy tashkilotning xalqaro miqyosdagi ulkan iqtisodiy salohiyati, o‘rni va ahamiyati tobora ortmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA.