Ma’lumki, 4 noyabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammiti bo‘lib o‘tdi. Aytish kerakki, mazkur sammit global ijtimoiy taraqqiyot yo‘lida muhim platforma vazifasini o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu sammitda ishtirok etib, nutq so‘zladi va bir qator global tashabbuslarni ilgari surdi.
Mazkur tashabbuslarning ahamiyati, mazmuni haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Dildora Kamolova o‘z munosabati va mulohazalarini gapirib berdi:
– Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammiti aynan Doha shahrida bo‘lib o‘tgani bejiz emas. Chunki Doha global innovatsiyalar markazi bo‘lishi bilan birga, ijtimoiy inklyuziv markazga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbari ham ushbu sammitda ishtirok etib, nutq so‘zladi. Bu nutqni ikkita asosiy qismga ajratish mumkin. Birinchi qismda bevosita O‘zbekistoda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilangan ijtimoiy davlat prinsipidan kelib chiqqan holda bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, yurtimizda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirilganini alohida qayd etish lozim. Bu esa mamlakatimizda fuqarolarning bandligini ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llash va himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan choralarning amaliy ifodasidir.
Nutqning ikkinchi qismida esa muhim tashabbuslar, takliflar ilgari surilgani butun jahon hamjamiyatiga qaratilgan muayyan ma’nodagi chaqiriq bo‘ldi, deyish mumkin.
Jumladan, bandlikni ta’minlashga oid tashabbusga to‘xtalsak, avvalo, bu boradagi raqamlarga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Ya’ni, 2024 yilda global ishsizlik darajasi 5 foizni tashkil etgan. Shu bois ham davlatimiz rahbari tomonidan ishsizlikni qisqartirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Bilamizki, bugungi kundagi eng global muammo bu ekologiya, atrof-muhitning ifloslanishi masalasi. Davlatimiz rahbarining navbatdagi tashabbusi ham aynan ekologiya muhofazasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Ya’ni, Orolbo‘yi mintaqasida yangi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish modelini yaratish tashabbusi ilgari surildi.
Umuman, ushbu tashabbuslarning jahon hamjamiyatidagi ijtimoiy, siyosiy, huquqiy ahamiyati alohida o‘rin tutadi. Bu tashabbuslar barcha davlatlarning kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy adolatni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqiriq ekanligi bilan ahamiyatlidir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/PpwA210k3uU?si=Z_k2rSFbu5gVw9kC" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Anvar Ahmedov (video),
O‘zA