Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Ma’lumki, shu vaqtgacha mamlakatimizdagi gidroelektr stansiyalari uchun zarur bo‘lgan qurilmalar asosan xorijdan olib kelinar edi. Ammo keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli bu imkoniyat yurtimizning o‘zida yaratildi.
Shu ma’noda, gidroenergetika sohasidagi muhim yutuqlardan biri – “UzHydroPower” zavodining ishga tushirilgani tizim rivoji yo‘lidagi katta qadamdir.
O‘zA muxbirining “UzHydroPower” zavodi direktori o‘rinbosari Abdulla Fozilov bilan suhbati mazkur korxonaning milliy sanoatimiz ravnaqidagi o‘rni xususida bo‘ldi.
– Abdulla aka, ta’kidlaganimiz kabi gidroinshootlar uchun zarur bo‘lgan qurilmalar to‘liq xorijdan olib kelingan. Bugun esa bu jihozlar o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda. Sizningcha, bunday yangilik milliy iqtisodiyot va gidroenergetika taraqqiyoti uchun qanday ahamiyat kasb etadi?
– Albatta, bu g‘oyat katta yutuq. Ilgarigidek butunlay importga tayanish o‘rniga, endilikda o‘zimizda gidroagregatlar, turbinalar, generatorlar va suv nasos agregatlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Buning ahamiyatini to‘g‘ri baholash uchun ikki jihatga e’tibor qaratish kerak. Birinchidan, milliy iqtisodiyotimizning uzluksiz ishlashi va energetik xavfsizligini ta’minlaydigan strategik mahsulotlarni endi o‘zimiz ishlab chiqaramiz. Bu iqtisodiy mustaqillikning eng muhim kafolatidir.
Ikkinchidan, bunday zavodning ochilishi mamlakatimizda yuqori texnologiyalar, zamonaviy ishlab chiqarish madaniyati va ilg‘or boshqaruv tajribalari kirib kelishiga olib keladi. Shu bois, “UzHydroPower” nafaqat iqtisodiy, balki texnologik taraqqiyotimizning ham yorqin ifodasi hisoblanadi.
– Zavodda qanday quvvatdagi jihozlar ishlab chiqarilmoqda va ular qay darajada raqobatbardosh?
– Biz bu yerda 1 kVt dan 40 MVt gacha quvvatga ega gidroagregatlar ishlab chiqaramiz. Eng muhimi, mahsulotlarimiz Xitoy analoglaridan 12 foizga, Rossiya analoglaridan esa 27 foizga arzon.
Shu bilan birga, ishlab chiqarishda kamida 72 foiz mahalliy komponentlardan foydalaniladi. Demak, bu zavod import o‘rnini bosish, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratishda ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi.
– Korxonaning hozirgi loyihalari va kelgusi rejalari haqida ham aytib o‘tsangiz.
– Bugungi kunga kelib, “UzHydroPower” mahsulotlari Qoraqalpog‘iston va Surxondaryodagi 10 ga yaqin kichik GESlarda muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Shuningdek, “Quyi Chotqol GES” hamda Norin GESlar kaskadi uchun zarur jihozlar tayyorlanmoqda.
Yaqin yillarda esa mahsulotlarimizni qo‘shni davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan. Bu O‘zbekistonning gidroenergetikadagi global salohiyatini ochib beruvchi muhim qadam bo‘ladi.
– Korxonada kadrlar tayyorlash va yosh mutaxassislar bilan ishlash qay tarzda yo‘lga qo‘yilgan?
– Bizda “ustoz-shogird” an’anasi asosida mutaxassislar tayyorlanmoqda. 7 nafar yosh kadr Xitoyda 3 oylik malaka oshirish kurslarini yakunlab qaytdi. Shu bilan birga, 60 nafar xodimni xorijda o‘qitish rejalashtirilgan.
Bu bilan biz faqat zamonaviy uskunalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bilan cheklanmay, balki yuqori malakali kadrlar zaxirasini ham shakllantiryapmiz.
Eng muhimi, bu kadrlar nafaqat zavod, balki butun mamlakatimiz gidroenergetika sohasini rivojlantirishda yangi avlod sifatida shakllanmoqda. Ular ertangi kunning ilg‘or mutaxassislari, yangicha fikrlaydigan muhandislari va sohani olg‘a boshlab boruvchi kuchiga aylanadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “UzHydroPower” zavodi nafaqat zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, balki milliy iqtisodiy mustaqillikka qo‘shilayotgan beqiyos hissasi bilan ham ahamiyatlidir. Bu korxona mamlakatimizda gidroenergetika sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, yuqori texnologiyalarni o‘zlashtirish va yosh avlodni ilg‘or tajriba asosida tayyorlashga xizmat qilmoqda.Shu jihatdan, “UzHydroPower” nainki sanoatimiz iftixori, balki O‘zbekistonning ertangi taraqqiyoti va barqaror kelajagiga qaratilgan strategik qadam sifatida ham yuksak ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/psBcRKzfXnw?si=vrtROjmVnocESQax" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video,montaj), O‘zA