Andijon Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida o‘smirlar o‘rtasidagi dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘z yakuniga yetdi.
Chempionatning so‘nggi kunida o‘g‘il bolalar -90 va +90 kg, qizlar -70 va +70 kg. vazn toifalarida tatamiga chiqdi. Unda Feruzbek Sultonov (Buxoro) va Alibek Durdiyev (Xorazm) o‘g‘il bolalar orasida Sabrina Xolnazarova (Xorazm) hamda Sora Sayfullayeva (Toshkent shahri) esa qizlar o‘rtasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Uch kun davom etgan musobaqa yakuniga ko‘ra, Xorazm viloyati dzyudochilari umumjamoa hisobida yetakchilik qildi. Ular chempionat davomida 5 ta oltin, 5 ta kumush va 7 ta bronza medaliga ega chiqdi. Toshkent shahri jamoasi esa 2 tadan oltin va kumush hamda 4 ta bronza bilan ikkinchi o‘rindan joy oldi. Toshkent viloyati vakillari 2 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza natijasi bilan kuchli uchlikni yakunladi.
Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, musobaqada 14 ta hududiy terma jamoadan 13 tasi kamida bitta bronza medaliga ega bo‘ldi. Bu esa mamlakatimizda dzyudo sport turi jadal ommalashayotganidan dalolat beradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA