Dunyoga mashhur xalqaro nashr – “The Lancet” tibbiyot jurnalida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi hamda muolajasi bo‘yicha jahon miqyosida erishilgan ijobiy natijalar va global muammolar tahliliga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.
Unda sayyoramizda saratonga chalingan bolalarning 30 foizdan kam qismi omon qolishi, o‘roqsimon hujayrali anemiya xastaligi bo‘lgan go‘daklarning esa yarmi besh yoshga yetmay vafot etishi qayd etilgan.
Shunday murakkab vaziyatda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, kadrlar va infratuzilmani mustahkamlash, bemorlar parvarishi bo‘yicha yagona yondashuvni ta’minlash orqali katta natijalarga erishilayotgani e’tirof etilgan.
Xususan, maqolada "2025-2030 yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy strategiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilingani tilga olingan.
Shuningdek, Toshkent shahrida Bolalar saratoni bo‘yicha xalqaro akademik xab tashkil etilishiga yuqori baho berilgan.
Eslatib o‘tamiz, 25 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasining oliy darajadagi haftaligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, St.Jude bolalar tadqiqot shifoxonasi hamda "Zamin" fondi hamkorlikda "Saraton va boshqa hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanligini oshirish va azob-uqubatlarini kamaytirish bo‘yicha global harakat" mavzusida o‘tkazilgan tadbirda ham mamlakatimizning bu boradagi tajribasi e’tirof etilgandi.
M.Qosimova, O‘zA