Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning BMTdagi tashabbuslari e’tirof etilmoqda
19:56 / 2025-09-23

Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-York shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif doirasida davlatimiz rahbari qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Yana bir necha soatdan so‘ng Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridan nutq so‘zlashi kutilyapti.

O‘zbekiston BMT doirasida amalga oshirgan ishlar, Prezidentimiz tomonidan tashkilot sessiyalarida ilgari surilgan g‘oyalar va ushbu tashabbuslarning mazmun mohiyati haqida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi mudiri, siyosiy fanlar doktori, dotsent Suhrob Bo‘ronov O‘zAga quyidagilarni so‘zlab berdi.

– E’tirof etish joiz, davlatimiz rahbari tomonidan BMT 78-sessiyasida ilgari surilgan 2024 yil O‘zbekistonda Osiyo ayollari forumi va “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish takliflari faol qo‘llab-quvatlangan edi. O‘tgan yil ushbu ikki yirik tadbir mamlakatimizning tarixiy manzillari – Samarqand, Toshkent va Xiva shaharlarida yuqori saviyada tashkil qilindi. Ayniqsa, BMT Bosh Assambleyasi mamlakatimiz sa’y-harakati va dunyo davlatlari qo‘llab-quvvatlashi bilan “Markaziy Osiyo ekologik tahdidlar qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” nomi ostida rezolyutsiya qabul qilishi respublikamizning BMTdagi “ovozi” muhim ahamiyat kasb etayotgani yorqin namunasidir.

Alohida urg‘u berish joiz, 2024 yil O‘zbekiston tarixida birinchi marta BMTning muhim organi – Iqtisodiy va ijtimoiy kengashga saylandi. Bu voqea Prezidentimiz rahbarligida barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqaro hamjamiyat, xususan BMTga a’zo 200 ga yaqin davlat tomonidan chuqur e’tirof etilayotganidan dalolat.

Shu yil 4 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi” rezolyutsiyasini, 7 iyun kuni esa Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ishlab chiqilgan “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni” nomli rezolyutsiyani bir ovozdan ma’qulladi. 80 dan ziyod, jumladan Armaniston, BAA, Bahrayn, Belarus, Eron, Indoneziya, Kuvayt, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Qatar, Rossiya Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya va Markaziy Osiyoning barcha davlatlari hammualliflik qilgan mazkur hujjat O‘zbekiston rahbariyatining BMT BA 78-sessiyasi (2023 yil) va SHHT Samarqand sammiti (2022 yil)dagi umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida hamjihatlik ruhini yuksaltirish zarurligi, konstruktiv hamkorlikka intilish, shuningdek tinchlik, barqaror farovonlikka erishish uchun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatini safarbar qilish to‘g‘risida bildirilgan qarashlarni konseptual tarzda aks ettirgan.

2024 yil 13 avgust kuni Nyu-Yorkdagi BMT Bosh qarorgohida Bosh Assambleya bir ovozdan “Degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlar barpo etish, daraxt ekish va ushbu jarayonni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi” rezolyutsiyasini qabul qildi. Quvonarlisi, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan, shahar va qishloq hududlarini ko‘kalamzorlashtirish orqali biologiya xilma-xilligini saqlash va tiklashga qaratilgan “Yashil makon” milliy dasturi konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan mazkur hujjatda davlatimiz rahbarining 78-sessiya va Iqlim bo‘yicha 28-konferensiyada iqlim o‘zgarishi va yer degradatsiyasiga qarshi samarali kurashish bo‘yicha bildirgan asosiy takliflari ifodasini topgan. Rezolyutsiyaga 100 dan ortiq a’zo davlat hammuallif hisoblanadi.

Mazkur ijobiy an’ana joriy yil ham davom etib, BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan 29 aprelni Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, yana bir tarixiy hujjat ma’qullandi: 2027-2036 yillar O‘rmonzorlashtirish va O‘rmonni tiklash Dekadasi sifatida e’lon qildi. Bu tashabbusni 80 dan ortiq davlat qo‘llab-quvvatladi. Mazkur rezolyutsiya O‘zbekiston Prezidentining “Yashil makon” va “Markaziy Osiyo Yashil kamar” loyihalari asosida yaratilganini ta’kidlash o‘rinli.

2025 yil ham mamlakatimiz uchun muhim va ijobiy yangiliklarga boy o‘tmoqda. Aynan joriy yil O‘zbekiston ilk bor BMT Statistika komissiyasi a’zoligiga saylandi. Sirasini aytganda, 2018-2025 yillar mobaynida davlatimiz tomonidan ilgari surilgan 13 rezolyutsiyani Bosh Assambleya bir ovozdan qabul qildi. Bu O‘zbekiston tashabbuslari nafaqat BMT doirasida e’tirof etilayotgani, balki o‘zbek diplomatiyasi faoliyati xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori darajada baholanayotganiga yaqqol dalildir.

O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova yozib oldi.