Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning BMT bilan o‘zaro aloqalari tobora kengayib bormoqda
08:52 / 2023-08-19

Iqtisodiyot, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, ekologiya, madaniyat va ta’lim yo‘nalishlaridagi hamkorlik samarali natija bermoqda.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva va BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha uchrashuvida bu alohida qayd etildi. 

Keyingi yillarda O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligi faollashganiga alohida e’tibor qaratildi. Darhaqiqat, bugungi kunda BMTning O‘zbekistondagi ixtisoslashgan muassasalari tomonidan «yashil» iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishi, savdoni rivojlantirish va shu kabi yo‘nalishlarda 174 million dollarlik 137 loyiha amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston BMT doirasida jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilishga amaliy hissa qo‘shayotgan tashabbuslarni ilgari surib kelayotgani qayd etildi. 

Jumladan, O‘zbekiston tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mintaqaviy hamkorlik, ekologiya, inson huquqlarini himoya qilish, BRMga erishishni jadallashtirishda parlamentlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan BMT Bosh Assambleyasining 6 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingan.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga oid aniq qadamlarni qo‘llab-quvvatlashda BMT bilan konstruktiv hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Senat va BMTning Markaziy Osiyoda Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi o‘rtasida 2024 yil uchun alohida harakatlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish zarurati e’tirof etildi. 

BMT bilan Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish, Orolbo‘yi aholisining turmush darajasi va sifatini yaxshilash, hududda zamonaviy ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’ektlarini barpo etish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha fikr almashildi. 

2022–2025 yillar uchun “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risida”gi rezolyutsiya qoidalarini implementatsiya qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish yuzasidan BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Do‘stona va amaliy ruhda kechgan muloqot yakunida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida barcha sohalarda o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA