Vatanimiz tarixidagi 17 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1842 yil (bundan 183 yil oldin) – o‘zining surbet qiliqlari va dimog‘dorligi, kalondimog‘ligi, sharqona diplomatiya qoidalarini nazar-pisand qilmaganligi (Ark oldidan ot minib o‘tishi, rasmiy qabul marosimida o‘zini tuta olmasligi va boshqalar) oqibatida Buxoro amiri Nasrullohning farmoni bilan zindonga tashlangan ingliz polkovnigi Charlz Stoddart va boshqa bir ingliz zobiti Artur Konolli Buxoro shahrida qatl qilindi.
Tarixchi olim Qahramon Rajabovning qayd etishicha, Buxoro ulamolari har ikki ingliz zobitiga ular islom dinini qabul qilishsa, gustohliklari kechirilishi va o‘zlari tirik qolishlarini aytishganda, ingliz zobitlari rad javobini berishgan. Ingliz emissarlarining o‘ldirilishi Amir Nasrullohning Yevropa davlatlari, xususan, Angliya bilan munosabatlari darz ketishiga sabab bo‘ldi.
1865 yil (bundan 160 yil oldin) – Toshkent shahri Mixail Chernyayev boshchiligidagi rus qo‘shinlari tomonidan qattiq qarshilikdan keyin egallandi. Shahar qurol kuchi bilan olingach, Chernyayev 17 iyunda Beshyog‘och, Ko‘kcha, Sebzor va Shayxontohur dahalarining oqsoqollarini chaqirdi. Muzokarada Toshkent qozikaloni Hakimxo‘ja, Abulqosim eshon, Solihbek dodxoh va shaharning boshqa nufuzli kishilari ishtirok etdi. Chernyayev xalqaro doirada o‘z xatti-harakatlarini oqlash maqsadida go‘yoki Toshkent ixtiyoriy ravishda taslim bo‘ldi va aholi tinchligi uchun toshkentliklar o‘zlari Rossiya askarlariga uning darvozalarini ochib berdi, degan xatni imperator nomiga yozishlarini talab qiladi.
Oqsoqollardan 9 nafari shaharni “ixtiyoriy ravishda topshirish” to‘g‘risidagi sulhni imzolashga majbur bo‘lishdi. Jahon ommasi bu xatning mazmunidan xabardor bo‘lishi uchun podsho hukumati tomonidan barcha choralar ko‘rilgan edi. Bunday soxta xat yozilishiga qarshi bo‘lgan Solihbek dodxoh, Abulqosim eshon, Hakimxo‘ja singari vatanparvarlar Sibirga surgun qilingan. Shu bilan Toshkent podsho hukumati ixtiyoriga o‘tib, Turkiston o‘lkasining harbiy, siyosiy va ma’muriy markaziga aylantirildi.
1919 yil (bundan 106 yil oldin) – Turkiston Respublikasi hukumati qozi va biy sudlarini tugatish haqida qaror qabul qildi. Qarorga asosan 1919 yil 1 avgustga qadar barcha qozi va biy sudlari tugatilib, mahalliy aholi murojaatlari ham sovet sudlarida ko‘riladigan bo‘ldi. Tarixchi Dilshod Komolovning qayd eishicha, bundan keyin mahalliy aholi orasidan saylangan sovet sudyalari yangi qonunchilikka asosan ish yuritishi, ba’zi hollarda sovet qonunlariga zid bo‘lmagan shariat va odat normalarini qo‘llashi mumkin edi. Xalq sudyalari viloyat kengashi ham rus va musulmon bo‘limlariga bo‘lindi.
1928 yil (bundan 97 yil oldin) – onkolog-radiolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Narimon Murodxo‘jayev tavallud topdi. Uning asosiy ilmiy ishlari radiologiya, ichki a’zolardagi xavfli o‘smalarni radioaktiv moddalar yordamida aniqlash va davolash, shuningdek, nur bilan davolashga oid. U 1998 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
1942 yil (bundan 83 yil oldin) – O‘zbekiston hukumatining Bekobodda metallurgiya zavodi qurish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Uni bajarishga 30 mingdan ortiq kishi jalb etilib, 1944 yil 5 martda O‘zbekistonning birinchi metallurgiya zavodi ishga tushirildi. 1945 yil fevralda esa Bekobod metallurgiya zavodining ikkinchi navbati ham mahsulot bera boshladi.
1946 yil (bundan 79 yil oldin) – rang-tasvir ustasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Javlon Umarbekov tavallud topdi. Uning ijodi serqirra, mavzuga boyligi, uslubiy rang-barangligi bilan diqqatga sazovor. U 2002 yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Oltin medali bilan mukofotlangan.
2004 yil (bundan 21 yil oldin) – Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda ikki asosiy masala – xavfsizlik va savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha muzokaralar bo‘ldi. Butun dunyoda terrorchilik kuchaygani, yadroviy, kimyoviy, biologik, elektron terrorchilikni moliyalashtiradigan markazlarga qarshi keskin kurash olib borish zarurligi ta’kidlandi.
2014 yil (bundan 11 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Do‘rmon» milliy bog‘i to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2019–2023 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida Turkiyaning Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti filialini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA