Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekistonning bioxilma-xilligi 27 mingtaga yaqin turni oʻz ichiga oladi
12:36 / 2022-05-22

22-may – Butunjahon biologik xilma-xillik kuni

Biologik xilma-xillik mukammal bir tizim boʻlib, ekologik barqarorlikni taʼminlashning muhim omil hisoblanadi. Hayvonlar oʻsimliklar hayotiga har tomonlama taʼsir koʻrsatadi. Koʻpgina hasharotlar va qushlar oʻsimliklarning changlanishida ishtirok etsa, baʼzi sut emizuvchilar va qushlar oʻsimlik urugʻlarini bir joydan ikkinchi joyga koʻchiradi.

BMT tomonidan 1992-yilda “Biologik xilma-xillik toʻgʻrisida”gi Konvensiya qabul qilingan. Mazkur Konvensiya dunyoning aksariyat mamlakatlari tomonidan ratifikatsiya qilingan. Shu munosabat bilan har yili dunyo hamjamiyati tomonidan 22-may –Xalqaro biologik xilmaxillik kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Bundan koʻzlangan maqsad, jahon jamoatchiligi eʼtiborini ekologik barqarorlikni taʼminlash, biologik xilma-xillikni qayta tiklash va asrash, ekotizimlarni himoyalash kabi insoniyat kelajagi va taraqqiyoti uchun muhim va dolzarb masalalarga qaratish va bu borada ijobiy natijalarga erishishdan iborat.

Toshkent hayvonot bogʻi majlislar zalida Oliy Majlis Senati Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston ekologik harakati hamkorligida 22-may – Butunjahon biologik xilma-xillik kuni munosabati “Bioxilma-xillikni asrash taraqqiyotning muhim omili” mavzuida davra suhbatida ham aynan shu mavzuga eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlanganidek, respublika hududida tabiiy ekotizimlar nihoyatda xilma-xil boʻlib, ular choʻl va yarimchoʻl, togʻoldi va pastqam togʻli joylar, togʻ, daryo va qirgʻoqboʻyi hamda suvli-botqoq joylar mavjud.

- Oʻzbekistonning bioxilma-xilligi hozirgi paytda maʼlum boʻlgan 27 mingtaga yaqin turni oʻz ichiga oladi, - deydi Oʻzbekiston ekologik harakati Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi B.Alixonov. - Ular orasida oʻsimliklar dunyosi 11 mingta turga yaqin va hayvonot dunyosi esa 15,6 mingta turdan ortiqdir.

Darhaqiqat, koʻpgina hayvonlar oʻsimliklarni yeb, u yoki bu darajada ular holatini yaxshilaydi yoki aksariyati hayvonlarsiz yashay olmaydi. Inson hayotida esa hayvonlar va oʻsimliklarning ahamiyati katta hisoblanadi. Inson faoliyati davomida hayvonlarga salbiy va ijobiy taʼsir qilishi mumkin. Salbiy taʼsir natijasida baʼzi turlarning yoʻqolib ketishiga, baʼzilarining kamyob boʻlib qolishiga, yaʼni son jihatidan kamayishiga sabab boʻlmoqda.

Eʼtirof etish joizki, bosh Qomusimizda yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik ekani, ulardan oqilona foydalanish zarurligi va ular davlat muhofazasida ekanligi mustahkamlab qoʻyilib, sohaga doir bir qator qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlar qabul qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasi 1995-yildan boshlab BMTning Biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi Konvensiyasining tomoni hisoblanadi va oʻziga biologik xilma-xillikni saqlash va undan barqaror foydalanish yuzasidan bir qator, shu jumladan, biologik xilma-xillik ishonchli saqlanishini taʼminlash maqsadida mavjud muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni kengaytirish va yangilarini tashkil etish majburiyatini olgan.

Biologik xilma-xillikni saqlab qolish boʻyicha Milliy strategiya va Harakatlar rejasi tasdiqlangan. Mazkur hujjatga asosan mamlakat umumiy yer maydonining 17 foizini muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toifasiga kiritish rejalashtirilgan.

Biologik xilma-xillikni asrash borasida mamlakatimizda eʼtirof etishga arziydigan ishlar ham amalga oshirilgan. Jumladan, respublikada Zomin, Nurota, Hisor, Qizilqum, Surxon, Chotqol qoʻriqxonalari, “Saygachiy” majmua buyurtma qoʻriqxonasi, Quyi-Amudaryo, Ugam-Chotqol biosfera rezervati, Zomin, Ugom-Chotqol, Zarafshon, Xorazm, Kitob, Janubiy-Ustyurt milliy tabiat bogʻlari, 11 ta tabiat yodgorliklari, 13 ta buyurtma qoʻriqxonalari, ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi tashkil etilgan.

Shuningdek, qoʻriqxonalardagi hayvonot va oʻsimlik dunyosiga antropogen taʼsirlarni yanada kamaytirish, ularni xavfsiz saqlash va qayta tiklash maqsadida Hisor davlat qoʻriqxonasida (11 231 ga), Zomin davlat qoʻriqxonasi (4 016 ga), Nurota davlat qoʻriqxonasi (20 313 ga), Qizilqum davlat qoʻriqxonasi (3 104 ga), Surxon davlat qoʻriqxonasiga (16 695 ga) tutash hududlarida qoʻriqlanma zonalari tashkil qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilda chop etilgan ikki jildli “Qizil kitobi”ga 314 turdagi noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostidagi oʻsimliklar va zamburugʻlar, 206 turdagi hayvonlar kiritilgan. Oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, ularning yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida qolganlarini saqlab qolish hamda koʻpaytirishdek davrimiz uchun oʻta dolzarb muammolarni hal etishda Oʻzbekistonda qoʻriqxonalar, buyurtmaxonalar va Milliy bogʻlar alohida oʻrin tutadi.

Orolboʻyi hududlarida biologik xilma-xillikni asrashga alohida eʼtibor qaratilib, dengizning qurigan tubida qariyb 1 mln. 700 ming gektar maydonda oʻrmonzorlar barpo etildi. Muhim jihati shundaki, oʻrmonzorlar barpo boʻlgan yerlarda ekotizim qaytadan tiklanadi, yaʼni koʻchma qumlardan iborat boʻlgan, qaqrab yotgan choʻl yerlar yashil hududga aylanadi va hayvonot dunyosi paydo boʻladi.

Amalga oshirilayotgan nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni bartaraf etishga, balki mintaqada biologik xilma-xillik barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Birgina choʻl zonada ozuqabop hisoblangan chogon, tereskan, boyalich, qayrouk kabi oʻsimliklarni yanada koʻpayishi chorvachilikni rivojlantirib, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bilan bir qatorda yaylovlarning degradatsiyaga uchrashini oldini oladi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot Strategiyasida biologik xilma-xillikni asrash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, shahar va tumanlarda ekologik ahvolni yaxshilash maqsadida, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yil kamida 200 million tup daraxt ekish. “Yashil makon” umummilliy loyihasi tashabbuslariga mos tarzda respublikaning 10 ta hududida aerobiologik monitoring tizimini yoʻlga qoʻyish maqsad qilib olingan.

Orol dengizining qurigan tubida qoʻshimcha 500 ming gektar yashil maydonlarni barpo etib, 2026-yil yakuniga qadar ularning umumiy hajmi 2,5 million gektarga yoki hududning 78 foiziga yetkazish belgilangan

Orolboʻyida xalqaro “Yashil iqlim” va Global ekologik jamgʻarmalarining bioxilma-xillik, iqlim oʻzgarishi va tuproq yemirilishining oldini olishga qaratilgan dasturlari asosida 300 million AQSH dollari qiymatidagi loyihalarni amalga oshirish Shahar va tuman markazlarida har 50-100 ming aholi uchun jamoat parklarini tashkil etish nazarda tutilgan.

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan qayd etilganidek, ushbu ezgu ishlarning amalga oshirilishi natijasida biologik xilma-xillikni asrash orqali aholi uchun qulay ekologik muhit yaratilishiga, boz ustiga ekoturizmni rivojlantirish va yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimining ortishiga erishiladi.

Shahnoza Mamaturopova, OʻzA