Yaqinda yurtimizda Islom olami madaniy merosi bo‘yicha qo‘mitaning 13-sessiyasi bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu yig‘ilishda Islom olami madaniy merosi ro‘yxatiga O‘zbekiston moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlarining kiritilishi kutilayotgani haqida ma’lum qilgan edik.
O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Islom olami madaniy merosi bo‘yicha qo‘mitaning 13-sessiyasi yakuniy xulosalari ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan 9 ta nomzodnomalardan 7 tasi ma’qullanib, ICESCOning Moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlari boshlang‘ich ro‘yxatiga kiritildi.


Ro‘yxatga quyidagilar kiritilgan:
- 4 ta nomoddiy madaniy meros namunasi - yog‘och o‘ymakorligi san’ati, miniatyura san’ati, xattotlik san’ati, kitobat va tahzib san’ati;
- 3 ta moddiy madaniy meros ob’ekti - Qadimiy Termiz majmuasi, Shahrisabz tarixiy majmuasi, Mizdahkan tarixiy majmuasi.


Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasining 19 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlari ICESCOning Moddiy va nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Kuni kecha ro‘yxatga olinganlar bilan jami 26 ta O‘zbekistonning moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlari ICESCO ro‘yxatiga kiritildi.

N.Usmonova, O‘zA