Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini takomillashtirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini berib, yurtimizdagi oliy ta’lim tashkilotlari xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallamoqda.
Buyuk Britaniyaning nufuzli “Times Higher Education” reyting tashkiloti 2026 yil uchun “World University Rankings 2026 by Subject” – fanlar bo‘yicha dunyoning eng nufuzli oliygohlari ro‘yxatini e’lon qildi.
Quvonarlisi shuki, mazkur ro‘yxatdan yurtimizning 4 ta oliy ta’lim muassasasi ham joy oldi.
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining reytingdagi ko‘rsatkichlari quyidagicha tus oldi:
TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti: tabiiy fanlar, matematika va statistika – 301-400, muhandislik fanlari bo‘yicha – 401-500;
O‘zbekiston milliy universiteti: tabiiy fanlar, matematika va statistika fanlari bo‘yicha – 801-1000;
Toshkent davlat texnika universiteti: tabiiy fanlar, matematika va statistika – 501-600, shuningdek, muhandislik fanlari bo‘yicha – 801-1000;
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti: ta’lim – 601-800, muhandislik – 801-1000, kompyuter ilmlari va dasturlash fanlari bo‘yicha – 1001+.
Qayd etish lozimki, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti ilk marotaba fan reytingidan joy oldi.
Ma’lumot uchun, “Times Higher Education” fanlar bo‘yicha jahon universitetlarini 11 ta asosiy yo‘nalish, 148 ta fan kesimida baholaydi.
Bu natijalar so‘nggi yillarda muhandislik, axborot texnologiyalari, aniq va tabiiy fanlar rivojiga qaratilgan tizimli e’tiborning amaliy samarasi bo‘lib, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi xalqaro maydonda tobora mustahkam o‘rin egallayotganidan dalolat beradi.
Sherbek Islomov, O‘zA