Iqtisodiyot va moliya vazirligida “Uzoq muddatli kam uglerodli rivojlanish imkoniyatlari va yo‘llari” nomli hisobotning yakuniy taqdimoti o‘tkazildi.
Mahalliy va xorijiy mutaxassislar, ekspertlar ishtirok etgan tadbirda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev va Jahon bankining O‘zbekistondagi loyiha koordinatori Anastasiya Aleksandrova so‘zga chiqib, mamlakatda kam uglerodli rivojlanishning zarurati va ahamiyati hamda bu boradagi hamkorlik istiqbollari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, Jahon banki tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlangan ushbu hisobot O‘zbekistonda kam uglerodli rivojlanish yo‘nalishidagi istiqbollar va imkoniyatlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Unga asosan tadbirda mamlakatning 2055 yilgacha kam uglerodli rivojlanish maqsadlariga erishish uchun zarur chora-tadbirlar, tarmoqlar kesimidagi investitsiya imkoniyatlari va moliyalashtirish mexanizmi muhokama qilindi.
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, kam uglerodli rivojlanish iqtisodiyot va ijtimoiy faoliyatning uglerod chiqindilarini minimallashtirish, energiya samaradorligini oshirish va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan strategik yondashuvdir. Kam uglerodli rivojlanish orqali mamlakatlar iqlim o‘zgarishi xavfini kamaytirib, barqaror iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy farovonlikka erishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, investitsiya va siyosatlar mamlakatning uglerod neytralligi maqsadlariga erishishini ta’minlaydi hamda kelgusida ekologik barqaror rivojlanishni kafolatlaydi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchi direktori Anvar Nasriddinov mamlakatning 2055 yilga qadar kam uglerodli rivojlanish maqsadlariga erishish uchun tarmoqlar kesimidagi investitsiya rejasini ishlab chiqish bo‘yicha taqdimot qildi.
Shundan so‘ng Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutaxassislari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasini 2055 yilgacha kam uglerodli rivojlantirish va uglerod neytralligiga erishish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi normativ-huquqiy hujjat loyihasi borasida ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida iqtisodiyot tarmoqlari tahlili, kam uglerodli rivojlanish yo‘llari va imkoniyatlari, uglerod neytralligiga erishish uchun moliyalashtirish imkoniyatlari, tarmoqlar uchun maqsadli ko‘rsatkichlar hamda amalga oshirilishi bo‘yicha fikr almashildi, shu yo‘nalishdagi keyingi qadamlar belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA