Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning 14 ta ma’muriy markazi ekologik barqarorlik reytingi taqdim etildi
12:01 / 2024-07-13

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda ilk bor “Uzbekistans’s Green Cities Rating” — O‘zbekistonning 14 ta ma’muriy markazi ekologik barqarorlik reytingi taqdim etildi.   

Tasdiqlangan ekologik “master-reja”larni (EMR) amalga oshirish, shuningdek, ko‘rsatkichlarni yaxshilash asosida yiliga bir marta yangilanadigan reyting ma’lumotlariga ko‘ra, Namangan shahri 100 balldan 62,29 ball to‘plagan holda birinchi o‘rinni egalladi. Aholi jon boshiga yashil maydonlar soni bo‘yicha yetakchi – Samarqand 61,13 ball bilan ikkinchi o‘rindan joy oldi. Uchinchi o‘rinni 59,50 ball bilan Navoiy shahri egallagan bo‘lib, bu hududda bir kishiga respublika bo‘ylab iste’mol qilinadigan elektr energiyasining eng kam miqdori to‘g‘ri keladi.   

Matbuot anjumani davomida shaharlarning birinchi ekologik “master-reja”lari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tajriba sifatida tanlab olingan Buxoro va Samarqand uchun ekologik “master-reja”lar ishlab chiqildi. O‘zbekistondagi ilk ekologik “master reja”lar Iqlim o‘zgarishi milliy markazi tomonidan tajriba-sinov shaharlarining hokimliklari hamda Ekologiya vazirligining viloyat boshqarmalari bilan hamkorlikda tayyorlandi.   

Hujjatlar shaharlar infratuzilmasini va hududiy rejalashtirishni takomillashtirish, energiya samaradorligini oshirish hamda atrof-muhit va tabiiy resurslarga salbiy ta’sirlarni kamaytirish bo‘yicha shahar ma’muriyatlari uchun chora-tadbirlar rejasiga aylanadi.   

Shuningdek, tadbirda 14 ta viloyat markazining “Green City Index” metodologiyasiga kiritilgan ko‘rsatkichlar asosida yaratilgan ekologik pasporti haqida ma’lumotlar taqdim etildi.   

Ma’lumki, O‘zbekistonda “Green City Index” Index metodologiyasi havo sifati, yerdan foydalanish, suv iste’moli, transport, energiya, chiqindilar va sanitariya kabi 7 guruh ko‘rsatkichini o‘z ichiga oladi.  Ko‘rsatkichlarning deyarli yarmi miqdoriy bo‘lib, rasmiy ma’lumotlarga asoslangan, qayta ishlash darajasi va ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi shular jumlasidandir. Shaharning ekologik siyosatini baholash sifat ko‘rsatkichlari hisoblanadi. Shaharlar umumiy reyting va har bir toifadagi individual reytinglar asosida baholanadi.   

– Davlatimiz rahbarining 2023 yil 31 maydagi tegishli qarorida  respublikaning barcha yirik shahar va tumanlari ekologik pasportlarini yaratish, bu boradagi ishlarni reytingni shakllantirish yo‘li bilan baholash, shuningdek, ekologik pasportlarni ishlab chiqish belgilab berilgan, – deydi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi sektor mudiri Xalilulla Sherimbetov. – Shunga ko‘ra, 10 ta komponentdan kelib chiqib, 30 ta ko‘rsatkich asosida hududlarning ekologik pasportlari va reytinglari ishlab chiqildi. Alohida aytish kerakki, ekologik bosh reja 2030 yilga mo‘ljallangan ekologik dastur bo‘lib, unda viloyat va shaharlarda qanday ekologik muammolar mavjudligi qayd etilib, ularni hal etish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.   

Matbuot anjumani yakunida vazir maslahatchisi, Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Suna Park “https://greencities.uz/” onlayn platformasini taqdim etdi. Ushbu saytga tashrif buyurgan har bir foydalanuvchi o‘z shahri reytingda qaysi o‘rinni egallashini bilishi, ekologik pasportlari va bosh rejalari bilan tanishishi, shuningdek, O‘zbekiston shaharlarida ekologik barqarorlikni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida dolzarb, batafsil ma’lumotlarni olishi mumkin.   

Ma’lumot uchun, “Green City Index”, “Siemens” tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Economist Intelligence Unit” tadqiqot loyihasi shaharlarga mintaqaviy va global darajada ekologik barqarorlikni yaxshilash bo‘yicha tajriba almashish va taqqoslashga yordam beradi. U shaharlarni poytaxt yoki iqtisodiy markaz sifatidagi rolini hisobga olgan holda sakkiz yoki to‘qqiz toifadagi taxminan 30 ko‘rsatkich bo‘yicha baholaydi.   

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA