Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligida AQSHning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik hamda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
SSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muloqot avvalida yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Bunda aholining barcha qatlamlarini malakali tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish, birlamchi bo‘g‘inni takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni xalqqa yanada yaqinlashtirish, sohani raqamlashtirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbarining shu yil 22 yanvardagi tegishli qaroriga asosan vazirlik tuzilmasida «Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» loyiha ofisi tashkil etildi. Natijada tibbiyotdagi islohotlarni jadallashtirish va ularning samaradorligini oshirish maqsadida AQSH, Kanada va boshqa qator rivojlangan mamlakatlardan yetakchi xalqaro ekspertlar faol jalb qilinyapti.
Uchrashuvda O‘zbekiston – AQSH hamkorligi xususida so‘z yuritilar ekan, sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar yurtimiz tibbiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Masalan, hozir Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu mamlakatning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) hamda boshqa nufuzli tashkilotlari bilan sil va o‘pka kasalliklarining oldini olish, tibbiyot muassasalarini maxsus uskunalar bilan jihozlash, gepatit B va S hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini ta’minlash kabi qator yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik qilmoqda.
– O‘zbekiston va AQSH – strategik hamkorlar. Biz global miqyosda shu jumladan, yurtingizda tibbiyotni rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shib kelayotganimizdan xursandmiz, – dedi J.Xenik. – USAID tomonidan mamlakatingiz uchun ajratilayotgan grantlarning 40 foizi aynan sog‘liqni saqlash sohasidagi dasturlarga yo‘naltirilayotgani bu masalaga naqadar katta e’tibor qaratayotganimizdan dalolat beradi. Biz keyinchalik ham O‘zbekistonga qo‘ldan kelgancha yordam ko‘rsatishga tayyorligimizni bildiramiz.
Suhbat chog‘ida qayd etilganidek, O‘zbekistonni nafaqat mahalliy aholi, balki qo‘shni mamlakatlardan fuqarolar kelib, sifatli tibbiy xizmatlardan foydalana oladigan mintaqaviy tibbiy xabga aylantirish tizim oldida turgan asosiy vazifalardan biridir. Bu maqsadga erishish uchun, eng avvalo, zamonaviy infratuzilma va yuqori malakali mutaxassislar zarur. Vazir vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudoyorov yurtimiz mazkur yo‘nalishda AQSH tajribasi va ko‘magidan foydalanishdan manfaatdorligini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida barcha yo‘nalishlarda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, kasalliklarni profilaktika qilish maqsadida birlamchi ambulator xizmatni rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ixtisoslashgan yuqori texnologik tibbiy yordamni takomillashtirish, raqamlashtirish va sug‘urta mexanizmlarini joriy etish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mohigul Qosimova, O‘zA