Bugun poytaxtimizdagi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasida “Pavel Benkov Quyosh rassomi” monografiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Moskva shahridagi Marjani fondi rahbari Rustam Sulaymonov, Pavel Benkovning nabirasi Marina Lishenskaya, rassom Yevgeniya Yagovkina va boshqa bir qator tasviriy san’at ustalari mehmon sifatida qatnashgan ushbu tadbirda Akademik, san’atshunoslik doktori Nigora Ahmedova qalamiga mansub “Pavel Benkov Quyosh rassomi” monografiyasi keng jamoatchilikka taqdim etildi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Pavel Petrovich Benkov 1920-1940 yillar tasviriy san’atida alohida o‘rin egallaydi.
— U O‘zbekistonga salmoqli ijodiy, pedagogik tajribaga ega yetuk mutaxassis sifatida kelgan, — deydi Nigora Ahmedova. — Rassom o‘z asarlarida muhim ijtimoiy muammolarni aks ettirishga harakat qilgan, yurtimiz tabiatining o‘ziga xosligini, nozik jihatlarini mahorat bilan ifodalay olgan.
Tasviriy san’atning haqiqiy muxlislari, mutaxasisslari yaxshi bilishadi, ushbu rang tasviri ustasi diyorimiz ijod olamiga ulkan hissa qo‘shgan. Rossiyadan kelib yurtimiz tarixi, tabiatini chuqur o‘rganib, xalqimiz turmush tarzini, go‘zalligini o‘z ishlarida haqqoniy tasvirlay olgan.
— Benkov nafaqat ko‘plab shogirdlar tayyorlagan, balki avlodlarga o‘z maktabini ham qoldirgan, — deydi O‘zbekiston xalq rassomlari akademiyasi a’zosi Sobirjon Rahmetov. — Samarqandni ikkinchi uyi deb bilgan, yuragidan sevgan ijodkor, asosan, shu ko‘hna shaharda ijod qilgan, yoshlarga saboq bergan. U Buxoro va Samarqand tabiati, aholining turmush tarzini yorqin bo‘yoqlarda aks etirgan buyuk rassom edi.
Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA