Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonliklar uchun “Türkiye Bursları” stipendiya dasturi doirasidagi kvotalar oshiriladi
15:58 / 2025-11-20

Turkiyaga xizmat safari doirasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova Xorijda yashovchi turklar va qardosh xalqlar agentligi (YTB) raisi Abdulhadi Turus bilan uchrashdi.

Unda O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangani ta’kidlandi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi bu yo‘nalishda O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor sohalariga zamonaviy xalqaro bilim va ko‘nikmalarga ega professional kadrlarni tayyorlash tizimining muhim bo‘g‘inlaridan biriga aylanmoqda.

A.Turusning aytishicha, Turkiya har yili “Türkiye Bursları” yetakchi davlat stipendiya dasturi doirasida O‘zbekiston fuqarolari uchun o‘rtacha 230 tagacha grant ajratadi.  

Bu grantlar o‘qish, yashash, sug‘urta va aviachiptalarni qamrab oladi. Muzokaralar yakunida tomonlar kelgusi yilda kvotani 250 tagacha ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam hisoblanadi. 

“El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari O‘zbekistonda “Türkiye Bursları” dasturi bo‘yicha har yilgi suhbat o‘tkazish komissiyasi tarkibiga kiritiladi.

Tomonlar “El-yurt umidi” jamg‘armasining ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq qo‘shma ta’lim dasturini ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Turkiy xalqlar tarixi, tili va madaniyati bo‘yicha tadqiqotlar olib borayotgan talabalarga alohida e’tibor qaratiladi.

Shu bilan birga, YTB agentligi bilan o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar va davlat xizmatchilari uchun “Kotib ota” uch oylik dasturi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari uchun “Oliy ta’lim menejmenti” dasturi bo‘yicha qo‘shimcha kvotalar ajratilishiga kelishildi.

G.Ismoilova “Oxford Uzbek Studies” modeli asosida Turkiya universitetlarida o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganish dasturini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi. Agentlik g‘oyani qo‘llab-quvvatladi va loyihani hamkorlikda ishlab chiqishga qiziqish bildirdi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekistonning iqtidorli yoshlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish va mamlakatning inson kapitalini mustahkamlashga hissa qo‘shish maqsadida xalqaro aloqalarni faol kengaytirishni davom ettiradi.  

N.Abduraimova, O‘zA