Markaziy bank 2025 yilning birinchi choragi uchun statistik byulletenni e’lon qildi.
Ushbu ma’lumotda 2025 yildan boshlab mikroqarzlar ajratish keskin ko‘payganini ko‘rish mumkin. Ochig‘ini aytganda mikroqarzlar allaqachon – bundan bir yil avval bank tizimidagi eng ommabop mahsulotga aylanib ulgurgan edi.
Ammo 2025 yilgi o‘sish sezilarli bo‘lyapti. Uch oy ichida 18,7 trln. so‘mlik mikroqarz ajratildi. 2024 yilning mos paytida bu ko‘rsatkich 8,2 trln., 2023 yilda esa 5,4 trln. so‘m edi.
Aholi tomonidan uch oy ichida olingan mikroqarz (18,7 trln. so‘m), butun boshli 2024 yilda olingan boshqa barcha turdagi kreditlardan ko‘proq.
Mikroqarzlarning o‘rtacha foiz stavkasi nisbatan ancha yuqori — 35,4 foizni tashkil qilmoqda. Ammo bu ham mikroqarzlar ko‘payishiga to‘siq bo‘lgani yo‘q.
Aslida Markaziy bank mikroqarz ajratishni banklar uchun cheklamoqchi. Bu turdagi kreditlarga ham xuddi avtokreditlar kabi 25 foizlik chegara joriy qilinadi.
Ya’ni banklar kredit portfelining 25 foizi miqdorida mikroqarz ajrata oladi. Buning ortidan mikroqarz olish xuddi avtokreditlar kabi kamayib ketishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2025 yil 7 iyul holatiga ko‘ra Markaziy bank tijorat banklari tomonidan aholiga berilgan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, mikroqarzlarning o‘rtacha foiz stafkasi 35,4 foizni tashkil etmoqda.
Bunda eng qimmat banklar, Apex Bank — 40,6, TBC Bank — 39,7 foiz, Tenge Bank — 39,5 foiz, Anor Bank — 39,1 foizni tashkil etmoqda.
Eng arzon banklar Aloqabank — 21,5 foizni, Hayot Bank — 25,0 foiz, Infinbank — 25,6 foizni, OFB, BRB, Asaka bank 26,0–26,6 foizni tashkil etmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA