O‘zbekistonda aholi tomonidan sotib olinayotgan uy-joylar yildan yilga kichiklashib bormoqda. Bu holat uy-joy bozoridagi narxlar, ipoteka shartlari hamda demografik o‘sish bilan bog‘liq qator omillar ta’sirida shakllanmoqda.
Bu haqda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan uy-joy va ipoteka bozori tahlilida ma’lum qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilga kelib mamlakatning birorta hududida sotib olingan uy-joylarning o‘rtacha maydoni 40 kvadrat metrga yetmagan. Masalan, 2021 yilda Toshkent shahrida yangi sotilgan uylarning o‘rtacha maydoni 51 kv. metrni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 37 kv. metrgacha qisqargan.
Mamlakat bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Navoiy viloyatida qayd etilgan. Ushbu hududda so‘nggi 3 yil davomida sotilgan xonadonlarning o‘rtacha maydoni 30 kvadrat metrdan past shakllanmoqda. Mutaxassislar bu holatni aholi daromadlari, uy-joy narxlari va ipoteka yuki bilan bog‘lamoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uy-joylarning nominal narxlari 2020-2023 yillarda keskin o‘sib, 2024 yil II choragida eng yuqori nuqtaga yetgan. Biroq 2025 yil III choragiga kelib birlamchi bozorda narxlar 4,5 foizga, ikkilamchi bozorda esa 8,3 foizga pasaygan.
Ayniqsa, II chorakda narx o‘sishi kuzatilgan hududlarda keyinchalik jiddiy tushish qayd etilgan. Xususan, Jizzax viloyatida 8,7 foiz, Surxondaryo viloyatida 8,3 foiz, Navoiy viloyati markazlarida 6,5 foiz pasayish kuzatilgan.
Ipoteka kreditlash hajmi 2020 yildagi 9,1 trln. so‘mdan 2024 yilda 17,1 trln. so‘mga yetib, deyarli ikki barobar oshgan. Natijada ipotekaning YAIMga nisbati 4,7 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjondan yuqori.
Shu bilan birga, 2024 yilda respublikaning 5 ta hududida yangi uylar uchun ajratilgan o‘rtacha ipoteka krediti Toshkent shahri ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan. Biroq poytaxtda eski uy-joylar uchun olingan ipoteka qarzlari o‘rtacha 614 mln. so‘mni tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan ancha yuqori bo‘lib qolmoqda.
Rasmiy manbalarga ko‘ra, 2017-2024 yillar oralig‘ida mamlakatdagi umumiy turar joy fondi 28 foizga kengayib, 7,6 millionta turar joy birligiga yetgan. 2020–2024 yillarda 351 mingdan ortiq kvartira foydalanishga topshirilib, yillik qurilish hajmi 100 ming donaga yetgan.
Shunga qaramasdan, taklif demografik o‘sishdan ortda qolmoqda. Hozirda mamlakatda 900 mingdan ortiq uy-joy taqchilligi mavjud. Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilgacha kamida 1,5 millionta, ya’ni yiliga 250–300 mingta yangi kvartira qurilishi talab etiladi.
Mutaxassislar fikricha, uy-joylarning kichiklashib borishi aholining xarid qobiliyati, ipoteka shartlari va narxlar bosimi bilan bog‘liq. Agar uy-joy qurilishi sur’atlari demografik o‘sishga mos ravishda oshirilmasa, kelgusida ham kichik metrajli uylarga talab ustun bo‘lib qolishi mumkin. Bu esa davlatdan uy-joy siyosati, ipoteka mexanizmlari va ijtimoiy uy-joy dasturlarini yanada takomillashtirishni talab etadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA