Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonliklar olgan kreditlarning deyarli yarmi mikroqarzlarga to‘g‘ri keldi
15:31 / 2026-02-10

Markaziy bank 2025 yil yakunlari bo‘yicha statistik byulletenni e’lon qildi.

Unda o‘tgan yilda O‘zbekistonning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, pul-kredit siyosati, shuningdek bank va moliya tizimidagi asosiy tendensiyalar aks etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston banklari tomonidan aholiga ajratilgan kreditlar umumiy hajmi 156,9 trillion so‘mni tashkil etgan. Ushbu mablag‘larning 45,8 foizi mikroqarzlar hissasiga to‘g‘ri kelib, yil davomida aholi 71,8 trillion so‘mlik mikroqarz rasmiylashtirgan.

Avtokreditlar hajmi ham ma’lum darajada o‘sib, 21,5 trillion so‘mga yetgan. Biroq mazkur ko‘rsatkich 2023 yilda qayd etilgan darajaga yeta olmadi. Ayni paytda, 2023 yil avtokreditlar eng ommabop bank mahsulotlaridan biri bo‘lgani qayd etiladi.

Shuningdek, 2025 yil davomida banklardan kredit oluvchilar soni qariyb 50 foizga oshgan. Solishtirish uchun 2024 yilda mazkur o‘sish atigi 4,4 foizni tashkil etgan. Bu holat kredit bozoridagi faollik sezilarli darajada ortganidan dalolat beradi.

Mutaxassislar mazkur o‘sishni, avvalo, aholi daromadlarining o‘sishi bilan bog‘lamoqda. Xususan, 2025 yilda aholining real daromadlari 9,2 foizga oshgan. Biroq, bu jarayon aholining kreditga bo‘lgan ehtiyoji hali to‘liq qondirilmaganini ham ko‘rsatmoqda.

Qayd etilishicha, mikroqarzlar ham avtokreditlar kabi kelgusi yillarda qisqarishi mumkin. Markaziy bank banklar kredit portfelida mikroqarzlar ulushi uchun 25 foizlik cheklov joriy etishni rejalashtirmoqda. Ushbu chora-tadbirlar aholining qarz yukini me’yorlashtirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA