O‘zbekistonlik ziyoratchilar Umraga jo‘nab ketdi
O‘zbekistonda pandemiya boshlanganidan beri birinchi marta 2022 yil 22 yanvar kuni ziyoratchilar Umra safariga jo‘nab ketdi.
Bu haqda Musulmonlar idorasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tongda «Umra—2022» mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgan.

Ularni kuzatib qo‘yish uchun taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportiga tashrif buyurgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Saudiya Arabistonidagi «Abu Sarhad» hamkor shirkati rahbari Abusarhad Nosir Abdulloh bilan «Umra—2022» mavsumini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

Shu bilan birga, 2020 yil fevral oyiga qadar Umra ziyorati uchun oxirgi belgilangan to‘lovlarni amalga oshirganlar qo‘shimcha ravishda 4 million 770 ming so‘m mablag‘ to‘lashi ma’lum qilingan.
O‘zA