English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonlik yoshlar Rimda o‘tgan Butunjahon oziq-ovqat forumida qatnashdi
13:40 / 2024-10-20

Italiyaning Rim shahrida Butunjahon oziq-ovqat forumi bo‘lib o‘tdi. Global ahamiyatga ega tadbir butun dunyodan soha mutaxassislari va ekspertlar, minglab ishtirokchilarni joriy yilgi mavzu – “Sifatli oziq-ovqat barcha uchun: bugun va kelajak” shiori ostida birlashtirdi.

Forum oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tizimlarini takomillashtirish hamda ushbu sohada duch kelinayotgan asosiy muammolarga e’tiborni qaratish uchun yoshlar, fermerlar va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari, siyosatshunoslar hamda investorlarni birlashtiruvchi global muhokama maydoniga aylandi.   

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi va ko‘magi bilan forumda Toshkent davlat agrar universiteti va “Yangi O‘zbekiston” universitetidan talaba-yoshlar ham qatnashdi. 

Forumda nutq so‘zlagan yoshlarimiz ekotizimlarni tiklash, barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini joriy etish va suv resurslarini oqilona boshqarish uchun faol harakat qilayotganini ta’kidlashdi. Shuningdek, suv resurlarini tejash va barqaror qishloq xo‘jaligi haqidagi bilimlarni keng jamoatchilikka yoyishda birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga da’vat etdilar.   

Delegatsiya o‘z murojaatida, shuningdek, “yashil” ta’lim, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi muammolari bilan kurashishda bolalar va yoshlarni jalb qilish masalasini qayd etdi. Yoshlarimiz o‘z tajriba va g‘oyalari bilan bo‘lishib, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarini ham berdi.   

Anjuman doirasida FAO Bosh direktori Syuy Dun’yuy va O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv ham tashkil etildi.   

Muloqotda ikki tomonlama samarali hamkorlik alohida qayd etilib, istiqboldagi vazifalar, qishloq xo‘jaligida xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.   

Butunjahon oziq-ovqat forumi dasturidan, shuningdek, O‘zbekiston madaniyatiga bag‘ishlangan tadbir ham joy oldi. Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi elchisi, FAOning doimiy vakili hamda yurtimiz delegatsiyasi vakillari marosim mehmoni bo‘ldi.   

Forum davomida yoshlarimiz “Uzbekistan lounge” loyihasi doirasida oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi innovatsiyalari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimot o‘tkazdi. Maqsad – davlatimiz qishloq xo‘jaligi sohasidagi yutuqlariga e’tiborni qaratish va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal etishda agrota’limning ahamiyatini ta’kidlash.   

Yoshlarimiz qishloq xo‘jaligi sohasida hamda oziq-ovqat chiqindilarini qayta ishlash bo‘yicha erishilgan yutuqlar bilan birga tarixiy-madaniy ahamiyatga ega milliy merosimiz namunalarini ham namoyish qildi. Xususan, o‘zbek pillachilik an’anasi, O‘rta Zarafshon vohasida yetishtiriluvchi asal, Quva anori, mashhur Rishton kulolchilik mahsulotlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.   

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA