Yurtimizda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va Koreya axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish agentligining qo‘llab-quvvatlovi bilan tashkil etilgan "U-ENTER" innovatsion tadbirkorlik markazi Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi asosida o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlarga o‘z biznes loyihalarini amalga oshirishlari uchun har tomonlama ko‘mak berib kelmoqda.
Joriy yil 13 iyun kuni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lgan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol mazkur innovatsion tadbirkorlik markaziga tashrif buyurib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan edi.
Ushbu markazning bugungi salohiyati, hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar va bu o‘zbek yoshlariga qanday imkoniyatlarni yaratayotgani haqida "U-ENTER" innovatsion tadbirkorlik markazi direktori Oleg RIJCHENKO bilan suhbatlashdik.
– Innovatsion tadbirkorlik markazlari yangi g‘oyalar hayotga tatbiq etiladigan makon bo‘lishi kerak, – deya fikrini boshlaydi markaz direktori. – Tabiiyki, zamonaviy jihozlangan, bugungi kun talablariga javob beradigan vositalar va texnologiyalar bilan ta’minlangan bo‘lishi, ayniqsa, muhim.
Bunday markazlarda yosh tadbirkorlar tajribali ishbilarmon va sanoat mutaxassislari bilan uchrashib, ulardan bevosita biznesga oid maslahatlar olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.
Shuningdek, biznes ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha seminar va treninglar hamda biznes inkubatsiya va akseleratsiya kabi dasturlarning tashkil qilinishi innovatsion tadbirkorlik markazlarining muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi, zero bunday muhit ijodkorlik va innovatsiyalarning paydo bo‘lishiga olib keladi.
– Startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bosqichlari qanday?
– Boshlang‘ich loyihalarni qo‘llab-quvvatlash odatda g‘oyadan boshlanadi. Bunda avval g‘oya tug‘iladi, so‘ng atroflicha o‘rganiladi. Keyingi bosqich esa tasdiqlash bo‘lib, g‘oyaning amalga oshirilishi sinovdan o‘tkaziladi. Navbatdagisi, ya’ni rivojlanish bosqichi prototip yoki minimal hayotiy mahsulotni (MVP) yaratishga qaratilgan. Shundan so‘ng startaplar o‘z mahsulotlarini bozorga olib chiqib, ishga tushirish bosqichiga o‘tadilar. Mijozlarni shakllantirish va bozorni kengaytirishga qaratilgan o‘sish keyingi o‘rinda turadi.
Ushbu bosqichlar davomida uzluksiz ravishda murabbiylik va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib borilishi kerak. Moliyaviy ko‘mak esa ko‘pincha grantlar, investitsiyalar yoki kreditlar jalb qilish orqali shakllantiriladi.
O‘z navbatida, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda netvorking imkoniyatlarini yaratish loyiha uchun sheriklar va mijozlarni topishga yordam beradi. Nihoyat, uzoq muddatli muvaffaqiyat uchun chiqish strategiyalari (exit strategy) yoki barqaror biznes modellari ishlab chiqiladi.
Innovatsion tadbirkorlik markazimizda startap loyihalarni yuqoridagi barcha bosqichlarda qo‘llab-quvvatlab borish uchun maxsus inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari mavjud bo‘lib, dasturlar, ta’kidlab o‘tilganidek, bevosita xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda olib boriladi.
– Yoshlar tadbirkorligiga ko‘maklashish nimalar asosida bo‘ladi?
– Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashning asosi sifatli ta’lim va malaka oshirishda. Yosh tadbirkorlar biznes sohasida kerakli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishlari zarur. Bunda innovatsion tadbirkorlik markazlarining o‘rni beqiyos.
O‘z navbatida, tadbirkorlik faoliyatiga qiziquvchi yoshlarga huquqiy, ma’muriy masalalarda doimiy maslahatlar va tavsiyalar berish ham juda muhim. Bu tadbirkorlik faoliyatini to‘g‘ri tashkil qilish va uni barqaror rivojlantirishga poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, yoshlarga o‘z bizneslarini boshlashda grantlar jalb qilish orqali moliyaviy yordam ko‘rsatish mavjud muammolarning tezkor yechimida, ayniqsa, ahamiyatlidir.
– Pishiq va puxta loyihalar tuzishda nimalar muhim?
– Puxta loyihalarni yaratish aniq maqsad va batafsil rejani talab qiladi. Bunga esa avvalambor, bozorni o‘rganish va tahlil qilish natijasida erishish mumkin. Bozor tadqiqotlari va tahlillari mijozlar ehtiyojlari hamda bozor tendensiyalari haqida zaruriy ma’lumotlarni taqdim etish bilan loyihani shakllantirish jarayonida hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Bundan tashqari, bozorni o‘rganish raqobatchilar va uchrashi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarni real baholash imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, loyiha ishtirokchilariga mahsulot yoki xizmatlarini samarali ravishda ilgari surish strategiyalarini ishlab chiqishda muhim hisoblanadi.
Ushbu tahliliy natijalar asosida rejalashtirish orqali xavflarni kamaytirish, resurslardan foydalanishni optimallashtirish va nihoyat, loyiha natijalariga erishish imkoniyatlarini oshirish mumkin.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganlar bilan birgalikda muntazam fikr-mulohazalar almashinuvi, samarali jamoaviy ish va hamkorlik, shuningdek, mavjud shart-sharoitlarga moslashuvchanlik pishiq va puxta loyihalar tuzishda hal qiluvchi omillar qatoriga kiradi.
– Ushbu markaz faoliyatida Koreya ko‘magi nimalarda ko‘rinadi?
– Innovatsion tadbirkorlik markazini tashkil qilish va rivojlantirishda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Koreya AKT rivojlantirish agentligi (NIPA) ishtirok etgan.
“U-ENTER” faoliyatida Koreyaning innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va yosh tadbirkorlarni tayyorlash bo‘yicha ilg‘or tajribasi asos bo‘ladi. Bu ilmiy-tadqiqot va tadbirkorlik dasturlari bilan mashhur Koreyaning yetakchi “SoonChunHyang” universiteti, “BITComputer”, “OpenKnowl”tashkilotlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni o‘z ichiga oladi.
Markazda yosh tadbirkorlarga turli kurslar tashkil etish, dasturlar o‘tkazish, yo‘l-yo‘riq va maslahatlar berishda koreyalik ekspertlar ishtirok etadi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikda tadbirkorlar va startaplar, shuningdek, sohani qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar vakillari uchun seminar va treninglar, biznes inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari hamda xorijiy stajirovkalar amalga oshiriladi.
Ushbu hamkorlikning yana bir ko‘rinishi grant ko‘magi bo‘lib, innovatsion loyihalar va startaplarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali rivojlanishi va kengayishi uchun yordam berishga yo‘naltirilgan. Bunday hamkorlik xalqaro miqyosda katta ahamiyatga ega bozorlarga chiqish imkonini beradi.
Koreya korxonalari va mahalliy startaplar o‘rtasida almashinuv va hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, startaplar va innovatsion ekotizimni qo‘llab-quvvatlovchi ko‘prik vazifasini ham bajaradi.
Bundan tashqari, markazimizda Koreya AKT rivojlantirish agentligi (NIPA) bilan hamkorlikda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan meykerspeys, ya’ni 3D- va IT-laboratoriyalar tashkil qilindi. Uning faoliyati koreyalik mutaxassislar tomonidan o‘zbek yosh mutaxassislarini 3D modellashtirish va prototiplash, raqamli ishlab chiqarish, shuningdek, ilg‘or raqamli infratuzilmani qo‘llash orqali ishlab chiqarishga innovatsion dizayn ishlanmalarini joriy etish bo‘yicha o‘qitish va tajriba o‘tkazishga qaratilgan.
Shuningdek, koreyalik hamkorlar bilan birgalikda tegishli davlat organlari, uyushmalar, venchur fondlari, universitetlar va startaplar vakillari uchun innovatsiya va tadbirkorlik yo‘nalishlarida zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, malaka oshirish maqsadida Koreya Respublikasiga stajirovkalar tashkil qilinadi.
– Dunyo davlatlarida bunday tajribalar bormi va qo‘shni davlatlarda-chi?
– Ko‘pgina mamlakatlarda innovatsion tadbirkorlik markazlari bilan ishlash tajribasi mavjud. Ushbu markazlarning faoliyati asosan mahalliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish hamda iqtisodiyotning o‘sishini rag‘batlantirishga qaratilgan. Bu esa, mamlakatda innovatsiyaga asoslangan tadbirkorlik muhitini va startap ekotizimini rivojlantirishga olib keladi. Global startap ekotizimi indeksiga ko‘ra, masalan, AQSH (1-o‘rin) Silikon vodiysi bilan mashhur bo‘lsa, Yevropa mamlakatlaridan Buyuk Britaniya (2-o‘rin) va Germaniyada (7-o‘rin) kuchli startap ekotizimlari mavjud.
Osiyoda esa Singapur (6-o‘rin), Xitoy (12-o‘rin), Yaponiya (18-o‘rin), Koreya (20-o‘rin) rivojlangan startap ekotizimi va innovatsion markazlari bilan ajralib turadi. Qo‘shni davlatlardan Qozog‘iston (73-o‘rin)o‘zining tadbirkorlar va startaplar uchun yaratilgan akseleratsiya markazlari, venchur fondlari hamda turli xil qo‘llab-quvvatlash dasturlari bilan startap olamiga tanilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik va ilg‘or tajribalar almashinuvi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni doimiy ravishda kengaytirib borish, shuningdek, startaplar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi.