Mamlakatimizda ilk bor ot sportining polo yo‘nalishi bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida musobaqa tashkil etildi.
Poytaxtimizda joylashgan Milliy gvardiya Ot sporti bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabida o‘tkazilgan “Adolat ayollar arena polo kubogi-2025” musobaqasida Chilonzor, Yakkasaroy, Jamoat xavfsizligi universiteti, “Adolat” polo jamoalarining iste’dodli chavandoz xotin-qizlari ishtirok etib, o‘z mahorati, jismoniy tayyorgarligini namoyish etishdi.
Musobaqalarda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi, Toshkent shahar hokimligi, "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Xalqaro polo federatsiyasi kabi tashkilotlarning mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari ayollar o‘rtasida ot sport turlarini ommalashtirish ularning salomatligini mustahkamlashda muhim omil bo‘lishini e’tirof etdi.
[gallery-26916]
Mazkur musobaqani kelgusida an’anaviy tarzda o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish, yurtimizda polo bo‘yicha xotin-qizlar jamoalari sonini oshirish, xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qiladigan milliy terma jamoani shakllantirish muhim ekanini qayd etishdi.
Shiddatli kechgan o‘yinlar tomoshabinlar va mutaxassislar tomonidan iliq kutib olindi.
Bahslar jarayonida yosh kursantlarning qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari polo musobaqalari bilan uyg‘unlashib, tadbirning mazmunini yanada boyitdi.
Shiddatli kechgan polo bahslari sarhisobiga ko‘ra, Chilonzor polo jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasiga, 3-o‘rin esa Yakkasaroy hamda “Adolat” jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar kubok, diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov (surat),
O‘zA