Velosport bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zolari Xorvatiyadagi xalqaro turnirda "Parij-2024" Olimpiadasining muhim reyting ochkolarini qo‘lga kiritdi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Xorvatiyada tashkil etilgan "Porec Trophy Ladies" turnirida terma jamoamiz a’zosi Yanina Kuskova ko‘hna qit’aning eng kuchli poygachilari qatnashgan bahslarda barcha raqiblarini ortda qoldirdi va turnirning oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Mahoratli velosportchimiz uzunligi 116 kilometr masofadan iborat poygada g‘olib chiqish bilan "Parij-2024" Olimpiadasi yo‘lida zarur bo‘lgan 40 ochkoga ega chiqdi. Bevosita natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Kuskova belgilangan marrani 3:05:18 ko‘rinishidagi vaqtda bosib o‘tgan bo‘lsa, undan keyingi qatorlardan joy olgan Irlandiya va Sloveniya vakillari 3:05:19 natija qayd etishdi.
Mazkur startda ishtirok etgan yana bir sportchimiz Olga Zabelinskaya sakkizinchi o‘rinda poygani yakunladi.
Yanina Kuskova g‘alabasi sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i yuksalgan turnirda ikkinchi va 3-o‘rinlar irlandiyalik Lara Jillespiye va sloveniyalik Urska Pintarga nasib etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA