O‘zbekistonlik talabalar Rossiyaning “Yozgi universitet” xalqaro loyihasida ishtirok etdi
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining talabalari A.N.Kosigin nomidagi Rossiya davlat universiteti hamda Pskov davlat universitetlari taklifiga ko‘ra Rossiya Federatsiyasidagi “Yozgi universitet” xalqaro loyihasida ishtirok etdi.

Mazkur loyiha oliygohlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarning kasbiy saviyasini oshirish uchun tashkil etildi.

Avvaliga ushbu loyihada institutning 70 ga yaqin talabalari qatnashish istagini bildirgan. Shulardan 28 nafari tashkilotchilar tomonidan saralab olindi.

– Ushbu safardan ajoyib va takrorlanmas tassurotlar bilan qaytdim, – dedi Tikuv buyumlari texnologiyasi va konstruksiyasi ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabasi Mehrinoz Muradova. – U yerdagi interaktiv darslar tekstil sohasida bo‘lmagan insonni ham o‘ziga qiziqtirib qo‘yishi aniq. Bizlarga bunday imkoniyat berilganidan minnatdorman. Kelajakda chet el oliygohlarida magistratura bosqichini davom ettirishni oldimga maqsad qilib qo‘ydim.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA