O‘zbekistonlik talabalar Jazoirda
Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi “Al-Jadid”, “Al-Nasr” kabi yetakchi nashrlari yozishicha, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 18 nafar talabasi ushbu arab davlatiga yetib kelgan. Hamyurtlarimiz mamlakat sharqida joylashgan Al-Vodiy shahridagi Shahid Hama Lahdar universiteti Tillar va san’at fakultetida ochilgan, arab tili o‘rgatiladigan ikki oylik tezkor o‘quv kursiga qabul qilindi.
Maqolalarda bu respublikamizdan ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasidagi kelishuv doirasida Jazoirga kelgan uchinchi guruh ekaniga e’tibor qaratilgan.
Al-Vodiy universiteti direktori professor Umar Farhodiy fikricha, mazkur muhim mashg‘ulot arab mamlakatida o‘tishi ayni muddao.

Fakultet dekani professor Dalol Vashan yoshlarimiz xorijiy tilni tez o‘zlashtirayotgani, yozma va og‘zaki ifoda etish, arabcha she’r o‘qish qobiliyatini namoyish etayotganini ta’kidladi.
O‘qish jarayonida talabalarimizga Jazoir shaharlari, bu yurtning moddiy va nomoddiy, madaniy merosi bilan tanishish imkoni ham yaratilgan.
M.Pirmatova, O‘zA