Dzyudo bo‘yicha ikki karra jahon chempionligiga erishgan, yozgi Olimpiya o‘yinlarida uch marta sovrindorlikni qo‘lga kiritgan Rishod Sobirov O‘zbekiston sumo federatsiyasi raisining o‘rinbosari sifatida ish boshladi.

Ortda qolayotgan yil mamlakatimizda yangidan faoliyatini boshlagan O‘zbekiston sumo federatsiyasi uchun o‘ziga xos yuksalish davri bo‘ldi.
Kuni kecha yil sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘zbekistonlik sumochilar joriy yil davomida Rossiya va Yaponiyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etgani, Toshkent shahri, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida sumo mashg‘ulotlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgani e’tiborli bo‘lgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston sumo federatsiyasi raisi Kamol Usmonov olib borgan tadbir jarayonida 2026 yil rejalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, kelayotgan yilning yanvar oyida sumo bo‘yicha O‘zbekiston chempionatini o‘tkazish, fevral oyida Yaponiyada o‘tadigan “XAKUXO KUP” xalqaro turniriga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda tashkiliy qo‘mita a’zolarining ovoz berishi natijasida dzyudo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarining uch karra sovrindori, jahon chempioni Rishod Sobirov O‘zbekiston sumo federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Dilmurod Qurbonov raisning birinchi o‘rinbosari lavozimlariga saylandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA