Tailandning Bangkok shahrida sumo bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan qit’a hamda jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
30 dan ortiq davlatning 300 nafardan ziyod sumo sport turi ustalari ishtirok etgan nufuzli musobaqalarda mamlakatimiz sharafini O‘zbekiston sumo federatsiyasi raisi Kamol Usmonov boshchiligidagi 15 nafar sportchimiz himoya qildi.

Osiyo chempionatida hamyurtimiz O‘ktam Rajabov kattalar o‘rtasidagi bahslarda qatnashib, bellashuvlar natijasiga ko‘ra, bronza medaliga musharraf bo‘ldi.
Kattalar o‘rtasida kechgan bahslarda mahoratli sumochi qizimiz Durdona Abdujabborova jahon chempionatining bronza medaliga ega chiqdi.
Musobaqalar doirasida tashkil etilgan Butunjahon sumo federatsiyasining kongressida tashkilotning yangi rahbar organi saylandi. Yig‘ilish davomida xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda sumo sport turi jadal rivoj topayotganini e’tirof etishdi hamda joriy yilning oktyabr oyida sumo bo‘yicha xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini Toshkentda tashkil etilishi rejalashtirilayotganini bildirdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA