Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonlik sharqshunos olimning asari sakkiz tilga tarjima qilindi
20:41 / 2021-04-19

2020 yil 16 apreldagi “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida Sharq mamlakatlarining rivojlanish omillari, ulardagi zamonaviy ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlarga oid tadqiqotlarni yanada rivojlantirish vazifasi qo‘yilgan edi.

Ushbu qaror ijrosi doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, xususan, universitetning “Sharq mamlakatlari tarixi va antropologiyasi” kafedrasida bu borada bir qator tadqiqotlar olib borilmoqda. Kafedra dotsenti, tarix fanlari nomzodi Komil Azimovning “Blijniy Vostok: konfliktы za zemlyu, za vodu, za veru XX vek” nomli monografisi ana shunday tadqiqotlar natijalaridan biridir.

Tarixchi-sharqshunos olim Komil Azimovning uzoq yillik tadqiqotlari natijasi bo‘lgan mazkur monografiya 2020 yilda Germaniyaning “Lambert” akademik nashriyot uyida rus tilida chop etildi. Monografiya MDH mamlakatlari sharqshunoslari tomonidan yuqori baholanib, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining yetakchi ilmiy xodimi, taniqli sharqshunos olim O.P.Bibikovaning ijobiy taqrizini oldi.

2021 yil Yevropadagi bir qator nashriyot uylarining taklifi bilan monografiya ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan, portugal hamda polyak tillariga bir vaqtning o‘zida tarjima qilinib, Yevropa, Lotin Amerikasi va AQSH tarixchi sharqshunos va siyosatshunoslariga taqdim qilindi. Buni o‘zbek sharqshunosligining dunyo miqyosida yana bir karra e’tirofi, shu bilan birga, Prezidentimiz sharqshunoslar oldiga qo‘ygan vazifalarning muvaffaqiyatli bajarilayotganligi sifatida baholash mumkin.

– Monografiyada Yaqin Sharqdagi ziddiyatli vaziyatlar keng ko‘lamli manbalar va ilmiy adabiyotlar asosida o‘rganilgan. Muallif o‘zining uzoq yillik kuzatishlariga asoslanib yigirmanchi asrda shakllangan mintaqaviy ziddiyatlarni zamonaviy xalqaro munosabatlarning muhim tarkibiy qismlaridan biri sifatida tahlil qiladi. Ma’lumki, Yaqin va O‘rta Sharq mintaqasi mojaro va inqirozlar soni, transchegaraviy daryolarning suv zaxiralaridan foydalanish bo‘yicha muammolar hamda diniy konfessiyalarga bo‘linish miqyosi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega beqaror mintaqa hisoblanadi. Bu omillar mintaqadagi mavjud hamda istiqbolda kutilayotgan yangi muammolarning asosi bo‘lishini Yaqin Sharq bo‘yicha xalqaro ekspertlar doim ta’kidlab keladi, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori Durbek Sayfullayev.

K.Azimov Yaqin Sharqdagi ziddiyatli vaziyatlar ob’ekti sifatida Suriya, Liviya, Falastin, Turkiya va Iroq kabi davlatlardan o‘tadigan transchegaraviy daryolar bilan bog‘liq bartaraf qilinmagan masalalar, suv resurslari bilan bog‘liq muammoli vaziyatlar, shuningdek, diniy mazmundagi qarama-qarshiliklarni tadqiq qilib, ularning mohiyati, shakllanish evolyutsiyasi, joriy holati va kelajakda vaziyatning borishi bo‘yicha ilmiy asoslangan tahliliy fikrlarni bayon qilgan.

Muallif fikriga ko‘ra, har bir to‘qnashuvda nizoli vaziyat kelib chiqishining o‘ziga xos sabablarini ochib beradigan va muammoni eng maqbul yechiimi uchun yetarli bo‘lgan usullarga olib boradigan tizimli yondashuv qo‘llanilishi kerak. Aks holda, bu muammolar mintaqadagi inqirozning uzluksiz davom etishi va yangi fojiali natijalarga olib kelishi mumkin.

Mazkur monografiya zamonaviy xalqaro siyosiy jarayonlar, xususan, Yaqin va O‘rta Sharq ixtisosligi bo‘yicha izlanishlar olib borayotgan mutaxassislar, magistr talabalarga hamda mojaro va inqirozlar tarixi bilan qiziquvchi keng kitobxonlarga mo‘ljallangan.

Shavkat Ikromov,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi

Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish

ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi