O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov MDH Parlamentlararo assambleyasi kuzatuvchilari tarkibida Qirg‘iz Respublikasi Jogorku keneshi deputatlarining muddatidan ilgari saylovini monitoring qilish jarayonida ishtirok etdi.
MDH Parlamentlararo assambleyasi kuzatuvchilari Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi raisi Temirlan Shaynazarov bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida Parlamentlararo assambleya ekspertlari tomonidan mamlakatdagi saylov qonunchiligining o‘rganilgan natijalari bo‘yicha tayyorlangan tahliliy hisobot taqdim etildi.
Ma’lumki, parlamentga muddatidan ilgari deputatlar saylovida 467 nafar nomzod ishtirok etdi. Parlament deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 30 ta ko‘p mandatli saylov okrugi tuzilib, ularning har birida majoritar tizim bo‘yicha uchtadan deputat saylandi.
Bunda, har bir saylov okrugidagi uchta o‘rindan hech bo‘lmaganda bittasini ayollar egallashi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, parlamentda kamida 30 deputatlik mandati ayol deputatlarga tegishliligini ham qonunchilik kafolatlaydi.
Uchrashuvda saylovchilar ovoz berish jarayonlariga keng jalb etilishi, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida xorijdagi saylov uchastkalari soni oshirilgani, faol bo‘lmagan hududlarga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha nazorat mexanizmlari kuchaytirilgani ma’lum qilindi.
Senator MDH Parlamentlararo assambleyasi kuzatuvchilari bilan birga Bishkek shahridagi “G‘alaba” memorialiga gul qo‘yish marosimida ham ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari Ikkinchi jahon urushi qahramonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
N.Abduraimova, O‘zA