Poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida sambo bo‘yicha davom etayotgan Osiyo-Okeaniya chempionatining ortda qolgan to‘rtinchi kungi bahslari sambo muxlislariga bir olam zavq bag‘ishladi.
2005-2007 yillarda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasidagi sambo va jangovar sambo bellashuvlarida 20 ga yaqin mamlakatning mahoratli yosh sportchilari 28 ta vazn toifasidagi bellashuvlarda g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Shiddatli kechgan kurashlar sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari 18 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Ushbu natija hamyurtlarimizni umumjamoada yetakchiga aylantirgan bo‘lsa, keyingi pog‘onalarni Qozog‘iston, Turkmaniston, Yangi Zelandiya, Hindiston kabi mamlakat vakillari egallashdi.
Musobaqalarning adolatli va shaffof o‘tishida 20 nafar mutaxassislar guruhi ish olib bordi.
Kattalar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi chempionatning to‘rt kunlik natijalari holatida O‘zbekiston sambochilari umumiy hisobda 50 ta oltin, 13 ta kumush, 19 ta bronza medali bilan 20 ta davlat orasida 1-o‘rinda bormoqda. 2-o‘rinni band etgan Qozog‘iston vakillari 19 ta oltin, 24 ta kumush, 33 ta bronza medaliga egalik qilmoqda. 3-o‘ringa yakun yasagan Qirg‘iz Respublikasi sambochilari 3 ta oltin, 19 ta kumush, 33 ta bronza medaliga sazovor bo‘lishgan.
[gallery-22876]
Eslatib o‘tamiz, chempionat 20 aprelga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA