Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi Ijtimoiy tadqiqotlar markazi (SRS) hamda Istanbul universitetining Huquq fakulteti hamkorligida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Ma’lumki, Ozarbayjon Respublikasida 2025 yil “Konstitutsiya va suverenitet yili” deb e’lon qilingan. Davlat mustaqilligi, milliy o‘zlik va huquqiy davlatchilik tamoyillariga bo‘lgan chuqur hurmat va sadoqatning ifodasi bo‘lmish ushbu tashabbus Konstitutsiyaning davlat va jamiyat hayotidagi beqiyos o‘rnini yana bir bor eslatib, huquqiy madaniyatni mustahkamlash, fuqarolik mas’uliyatini oshirish va milliy ramzlarga nisbatan faxr tuyg‘usini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
“XXI asrda davlat suvereniteti va milliy konstitutsiyalar: global chaqiriqlar, tendensiyalar va istiqbollar” mavzusiga bag‘ishlangan mazkur nufuzli tadbirda 19 ta mamlakatdan kelgan huquqshunos, sotsiolog va siyosatshunos olimlar qatnashdilar.

Anjumanda ta’kidlanganidek, milliy o‘zlik va davlatchilik konsepsiyasi asosida Ozarbayjon va O‘zbekiston Konstitutsiyalarini sotsiologik tahlil qilish dolzarb ahamiyatga ega. Har ikki mamlakatning bosh qomusida oila, madaniyat va til eng yuksak qadriyatlar sifatida alohida e’tirof etilgan. Zero, ular davlat barqarorligi va jamiyatning ma’naviy qudratini belgilovchi asosiy omil hamda bugungi va kelajak avlodni bog‘lovchi mustahkam ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirda bir guruh o‘zbekistonlik professorlar ham faol ishtirok etib, tashkilotchilarga samarali muloqot va o‘zaro tajriba almashish imkoniyati uchun minnatdorlik bildirdilar.
O‘zA