Toshkent shahridagi Gyote institutida bugun Xalqaro nemis tili olimpiadasining (IDO) O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha yakuniy saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat olimpiadalarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan 9–10 sinf o‘quvchilari hamda ularning nemis tili o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Mazkur saralash bosqichi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbir davomida ishtirokchilar nemis tili bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyon etib, xalqaro bosqichga yo‘llanma olish uchun bellashdi.
Saralash yakunlariga ko‘ra, Samarqand viloyatidan 16 yoshli Marjona Ibadulayeva A2 darajasi bo‘yicha 1-o‘rinni, Urganch shahridan 17 yoshli Olimbek Baxtiyorov esa B1 darajasi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ushbu ikki nafar iqtidorli o‘quvchi Germaniyaning Mannxaym shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro nemis tili olimpiadasida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
[gallery-27527]
Xalqaro nemis tili olimpiadasi 2026 yil 13–22 iyul kunlari Germaniyaning Mannxaym shahrida «Til va madaniyat orqali birlashaylik» shiori ostida o‘tkaziladi. Unda dunyoning 55 ta davlatidan 110 ga yaqin o‘quvchi ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Mazkur nufuzli tanlov nemis tilini o‘rganayotgan o‘quvchilar uchun eng yirik xalqaro musobaqalardan biri hisoblanadi. Bellashuvlar A2, B1 va B2 darajalarda tashkil etilib, 14–17 yoshdagi o‘quvchilar o‘z bilim va iqtidorlarini namoyon etadi. Har bir davlatdan ikki nafar o‘quvchi va bir nafar hamroh o‘qituvchi qatnashishi mumkin.
Xalqaro nemis tili olimpiadasi nafaqat bilim sinovi, balki madaniyatlararo muloqot va do‘stlikni mustahkamlovchi xalqaro maydon bo‘lib, yoshlar uchun nemis tilini chuqurroq o‘rganish, xorijiy tengdoshlar bilan tajriba almashish hamda O‘zbekiston nomini xalqaro miqyosda munosib himoya qilish imkoniyatini yaratadi.
Hamroz Bayanov, O‘zA