French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonlik olimlar tarixiy ilmiy natija bilan NASAning xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi
12:11 / 2026-02-23

DART missiyasi insoniyat tarixida birinchi marta asteroid orbitasini maqsadli ravishda o‘zgartirishga qaratilgan sayyoraviy himoya tajribasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti olimlari – Galaktika astronomiyasi labarotoriyasi mudiri Otabek Burxonov va PhD, katta ilmiy xodim Kamoliddin Ergashev NASA tomonidan “Group Achievement Award” mukofoti bilan taqdirlandi. Mukofot “Double Asteroid Redirection Test” (DART) xalqaro kosmik missiyasi doirasida amalga oshirilgan tarixiy ilmiy natija uchun berildi.

Missiya 2022-yil 26-sentabr kuni kichik asteroid tizimi – Didymos asteroidining yo‘ldoshi Dimorphosga kinetik zarba berish, ya’ni kosmik kema bilan to‘qnashishi orqali amalga oshirildi. 

Zarba natijasida Dimorphosning Didymos atrofidagi orbital davri o‘zgardi. Eng muhim jihati shundaki, ushbu o‘zgarish Yer va kosmik teleskoplar yordamida aniq o‘lchandi.  

Bu insoniyat tarixida birinchi marta sun’iy ravishda asteroid orbitasini o‘zgartirish va uning natijasini eksperimental tarzda tasdiqlash bo‘ldi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti olimlari DART missiyasining yerdan kuzatuvlar bo‘yicha ishchi guruhi tarkibida Maydanak observatoriyasi teleskoplari bilan faol ishtirok etdi.  

Jamoaning asosiy vazifasi – zarbadan oldingi va keyingi fotometrik kuzatuvlar asosida asteroid tizimining orbital davridagi o‘zgarishini aniqlash hamda aniqlik bilan hisoblashdan iborat edi, deyiladi O‘zRFA ma’lumotida.  

Aynan shu o‘lchov natijalari DART tajribasining muvaffaqiyatli amalga oshirilganini ilmiy jihatdan tasdiqladi. Ushbu yutuq uchun Astronomiya instituti olimlari NASA tomonidan “Group Achievement Award” mukofti bilan taqdirlandi. Bu mukofot NASA kosmik agentligining yuqori e’tirof belgisi hisoblanadi.

A.RUSTAMOV, O‘zA