Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonlik olimalar izlanishlarini dunyoga namoyish etuvchi platforma yaratildi
10:50 / 2025-02-24

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilganiga 80 yildan oshdi. Biroq mana shu salkam bir asrlik fan tarixida olimalarimiz haqida to‘la ma’lumot beradigan manba mavjud emas edi. Vaholanki, o‘zbek ilm-fani o‘zining shonli tarixiga ega va mana shu tarixni yaratishda yurtimiz olima ayollarining o‘rni beqiyos. Shu bois yurtimiz olimalari to‘g‘risida ma’lumot beradigan veb-sayt yaratish zarurati tug‘ildi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Wonder Women xalqaro hamjamiyati hamkorligida Osiyo taraqqiyot banki ko‘magi asosida birinchi marta “O‘zbekiston olima ayollari” sayti "www.womeninscience.uz (https://www.womeninscience.uz/)" yaratildi.  

Saytning asosiy maqsadi o‘zbek ilm-fanida o‘ziga xos maktablar yaratgan olimalarni, zamonaviy fanda yangiliklar qilayotgan iste’dodli, ilmli ayollar faoliyatini jahonga tanitish, shu bilan birga, mamlakatimiz fani rivoji uchun hissa qo‘shib kelayotgan o‘tmish va hozirgi zamon olimalarimizni bugungi kun qahramonlari sifatida namoyish etishdir.

Saytning birinchi qismida tarixda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan olima ayollar Xadicha Sulaymonova, Galina Pugachenkova, Maqsuda Xojanova singari ayollar hayoti, ilmiy izlanishlari kiritilgan, deyiladi Fanlar akademiyasi ma’lumotida.

Ikkinchi qismi hozirda Fanlar akademiyasida faoliyat  yuritayotgan olimalar va besh nafar akademik ayollarga bag‘ishlangan.

Saytda fizika-matematika, kimyo-biologiya va tibbiyot, ijtimoiy-gumanitar fanlarda zamonaviy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan fan doktorlari va professor olimalarning hayoti, ilmiy faoliyati, yutuqlari to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud. Kelgusida ular mazmun va son jihatdan yanada boyitib boriladi.  

Qisqa qilib aytganda, bu sayt olimalarimiz va ularning sermahsul izlanishlarini dunyoga namoyish etib boradi.

A.RUSTAMOV, O‘zA