Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonlik mutaxassislar Turkiyada tajriba orttirmoqda  
20:19 / 2025-08-19

So‘nggi yillarda yurtimizda tashqi savdo siyosatini takomillashtirish, milliy mahsulotlarni jahon bozoriga chiqarish va eksport hajmini oshirish davlat iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Shunga asosan mamlakatimizda ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish, sifat standartlarini xalqaro mezonlarga moslashtirish hamda kadrlar salohiyatini oshirish orqali mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi va Turkiyaning “Yamankoc Danışmanlık” kompaniyasi hamkorligida eksportga ixtisoslashtirilgan maxsus o‘quv dasturining tashkil etilishi ham shunday ustuvor vazifalar ijrosiga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Ayni kunlarda dasturning navbatdagi bosqichi Anqara shahrida o‘tkazilmoqda.

Unda ishtirok etayotgan mahalliy soha vakillari Turkiyaning yetakchi mutaxassislari rahbarligida amaliy mashg‘ulotlarda qatnashyapti. Jarayonlar davomida ular eksportni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar, xalqaro savdo mexanizmlari va turk kompaniyalarining muvaffaqiyatli tajribalarini bevosita o‘rganmoqda.

Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, bu jarayon ishtirokchilarga nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, yangi bozorlarga chiqish uchun zarur bo‘lgan real strategiyalarni shakllantirish imkoniyatini bermoqda.

Ushbu dasturning yana bir muhim jihati, eksport sohasiga ixtisoslashgan kadrlarni tayyorlash tufayli O‘zbekiston elektrotexnika korxonalarining xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishidir.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA