Ko‘mir – tabiiy zaxiraci juda mo‘l energiya manbai. Ushbu moddadan olinadigan sintetik gaz (syngas) kimyo, energetika va metallurgiya sohalarida qimmatli xom ashyo sifatida ishlatiladi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, agar ko‘mir zamonaviy texnologiya yordamida qayta ishlansa, chiqindi miqdori sezilarli darajada kamayadi va an’anaviy yoqish usuliga nisbatan atmosferaga kamroq zarar yetkazadi. Shu bois ko‘mirdan gaz olish energetikada strategik ahamiyat kasb etadi.
Shu kunlarda “China Datang Corporation” tomonidan xorijiy mutaxassislar uchun tashkil etilgan tajriba almashish dasturi doirasida ishtirokchilarning “Inner Mongolia Datang International Keshiketing Coal Gas Co., Ltd.” (Ichki Mo‘g‘uliston Datang xalqaro Ko‘kshekten ko‘mir-gaz mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasi)ga safari tashkil qilindi.

Avval xabar berganimizdek, dasturda qator rivojlangan mamlakatlardan mutaxassislar ishtirok etmoqda va ular orasida o‘zbekistonlik soha vakillari ham bor.
Keshikten korxonasi 2009 yil tashkil etilgan bo‘lib, yillik 4 milliard kub metr sintetik tabiiy gaz (SNG) ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mustaqil yirik zavod sifatida faoliyat yuritadigan, alohida filiallarga ega bo‘lmagan mazkur korxona “China Datang” korporatsiyasi yirik “coal-to-gas” (ko‘mirni gazga aylantirish) dasturining muhim qismi hisoblanadi.

Loyiha amaliyotga joriy etilgach, ishlab chiqarilgan gaz Xitoyning sharqiy va markaziy viloyatlariga quvur orqali yetkazib berila boshlangan. Korxonaning iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyati – ko‘mirdan samarali foydalanish, atrof-muhitga tarqalayotgan zararli chiqindi miqdorini kamaytirish, shuningdek mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlab, ish o‘rinlarini ko‘paytirish bilan belgilanadi.

Dastur mehmonlari mutaxassislar bilan muloqot qilib, ko‘mir sanoatidagi ilg‘or tajriba haqida muayyan ma’lumot oldi. Shuningdek, qazib olish va qayta ishlash jarayonida qo‘llanayotgan innovatsion texnologiya bilan yaqindan tanishdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, zaxirasi taxminan 2 milliard tonnadan oshadigan O‘zbekistonda har yili 6 million tonnaga yaqin ko‘mir ishlab chiqarilmoqda. 2030 yilga qadar bu ko‘rsatkichni 8-10 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
Ichki Mo‘g‘uliston, Chifeng