Shu kunlarda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ markaziy apparati hamda Toshkent issiqlik elektr markazi filiali mutaxassislari Yaponiyada bo‘lib turibdi.
Mazkur amaliy safar doirasida muhandis-energetiklar “Tokyo Electric Power Services Ltd” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan o‘quv-seminarda ishtirok etmoqda.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ xalqaro aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, 2021 yil 23 mart kuni jamiyat va Yaponiyaning “Tokyo Electric Power Services Ltd” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan.
Unga muvofiq, “To‘raqo‘rg‘on IES” AJ, “Navoiy IES” AJ va Toshkent IEMdagi bug‘-gaz hamda gaz-turbina uskunalarida inspeksiya ishlarini boshqarish va monitoring qilish, shuningdek, xodimlar malakasini oshirish kurslarini tashkil etish belgilangan.
– Xodimlarimizni zamonaviy energetika uskunalari bilan ishlashga tayyorlash va xalqaro tajribalar asosida bilim hamda ko‘nikmalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Ushbu o‘quv-seminar Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlariga oid qarori doirasida amalga oshirilayotgan “Elektr energetika sektori salohiyatini rivojlantirish (2-bosqich)” investitsiya loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda, – dedi A.Jo‘rayev.
O‘tkazilayotgan ushbu amaliy o‘quv-seminar Yaponiya tajribasini o‘rganish va stansiya xodimlarining bilim hamda ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘quv-seminar 6 iyunga qadar davom etadi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA