“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda xorijda tashkil etilayotgan o‘quv dasturining mazmuni, asosiy maqsadlari va kutilgan natijalari yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Ma’lum qilinishicha, 20 nafar mutaxassis uch oy davomida ilg‘or ilmiy infratuzilmaga ega “Korea Research Institute of Chemical Technology” bazasida malaka oshiradi. Dastur Dechjon shahrida tashkil etilgan bo‘lib, u nazariy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda laboratoriyalarda amaliy ishlash, zamonaviy uskunalardan foydalanish va tadqiqot natijalarini tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirishni nazarda tutadi.

Tadbirda “KRICT direksiyasi” MCHJ loyiha direktori Akmal Mahmudov, KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori o‘rinbosari Pak Songmin so‘zga chiqib, mazkur tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, o‘quv dasturi O‘zbekistonda Kimyoviy texnologiyalar markazini shakllantirish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan.
Mutaxassislarga xorijda ta’lim olish jarayonida ilmiy ishlarni samarali tashkil etish, laboratoriya madaniyatiga rioya qilish hamda olingan bilimlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, dastur yakunida ishtirokchilar kimyoviy instrumental tahlil sohasida chuqur bilim va amaliy tajribaga ega bo‘lishi, zamonaviy uskunalardan samarali foydalanish, tadqiqot natijalarini talqin qilish va ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish ko‘nikmalarini mustahkamlashi kutilmoqda.
Ishtirokchilar orasida ilmiy darajaga ega olimlar va professorlarning mavjudligi esa orttirilgan tajribani mamlakat ilmiy jamoatchiligi orasida keng tarqatish imkonini yaratadi.
Mutaxassislarning xalqaro malaka oshirish dasturida ishtiroki milliy kimyo sanoatini innovatsion rivojlantirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA