Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonlik jangchilarning raqamli yodgorliklari
12:42 / 2022-04-30

Tosh yoki metalldan yasalgan yodgorliklar vaqt o‘tishi bilan zanglaydi, yog‘och yodgorliklar esa, yana ham kamroq darajada chidamli bo‘ladi. Xo‘sh, o‘tmishdagi buyuk janglar va qahramonlar haqida biz qayerdan bilib olishimiz mumkin?

Yozma manbalar tosh va metallga qaraganda ancha mustahkam ekanini vaqtning o‘zi ko‘rsatdi. Agar asl qo‘lyozma yo‘qolgan yoki yo‘q qilingan bo‘lsa ham, uning ma’nosi og‘izdan og‘izga o‘tib, saqlanib qoladi. So‘zning qudrati shunda. 

Hozirgi kunda butun dunyoda Ikkinchi jahon urushi qahramonlariga bag‘ishlangan o‘n minglab yodgorlik va inshootlar bor. Ular jangchilarning urushda ko‘rsatgan  insoniyligi va jangovar ruhini abadiylashtirish maqsadida o‘rnatilgan.  

Ikkinchi jahon urushi frontiga O‘zbekistondan qariyb 1 million 951 ming nafar kishi ketgan. O‘sha paytda mamlakatimiz aholisi 6 million 551 ming nafar kishini tashkil etgan. Shu tarzda, har uchinchi o‘zbekistonlik qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi kurashga otlangan. Shuncha odamdan ayrilish respublikamiz uchun haqiqiy demografik falokat bo‘lishi mumkin edi. 

Harbiylarning ko‘plab xotiralari va arxiv ma’lumotlari ham urushdagi o‘zbekistonliklar ko‘rsatgan mardonavorliklarni tasdiqlaydi. Afsuski, har bir qahramon uchun tosh va metalldan yodgorlik o‘rnatishning iloji yo‘q. Ana shu paytda, zamonaviy texnologiyalar yordamga keladi. 

Internet insoniyatning buyuk kashfiyotlaridan biri bo‘ldi. Unda so‘nggi besh ming yil davomida to‘plangan deyarli barcha ma’lumotlar saqlanadi. Mavjud barcha tamaddunlar bu yerda o‘zining raqamli izini qoldirgan. Bu ilm olamida o‘z jasorati bilan tarix sahifalarida mangu muhrlangan yuzlab o‘zbeklar haqidagi ma’lumotlarni ham topish mumkin. Internet tarmog‘idagi oddiy sahifalar haqiqiy raqamli yodgorliklarga aylandi. Bu yerda hech bir narsa unutilmaydi. 

Bizning zaminimizdan 338 nafar Sovet Ittifoqi qahramoni, barcha uchta darajadagi Shon-sharaf ordeni bilan taqdirlangan 53 nafar jangchi yetishib chiqqan. 120 ming nafar hamyurtimiz turli harbiy mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Afsonaviy Panfilov diviziyasi tarkibida respublikamiz vakillari Moskvani himoya qilgan. Vatandoshlarimiz Stalingrad, Kavkaz, Smolensk, Kiyev, Odessa, Sevastopolda jang qilgan, Polsha, Vengriya va boshqa davlatlarni fashist bosqinchilaridan ozod qilgan. O‘zbekistonda 21-chi va 44-chi otliq va 258-o‘qchi diviziyalari, shuningdek, 90-chi va 94-alohida o‘q brigadalari tuzilgan. 

Internet tarmog‘ida 13-gvardiya o‘qchilar korpusining sapyorlik bo‘limi qo‘mondoni Sotim Nurmatov (1925–1994)ning jasorati haqida ham ma’lumotlar bor. 1945 yil 7 aprelda Kaliningrad ostonasida o‘zi qo‘mondonlik qilgan serjant va to‘rt nafar sapyorlar dushman artilleriyachilaridan chetlab o‘tib, 25 nafar Gitler askarlarini asirga oldi va qurollarini egallab oldi. Shundan so‘ng Qizil armiya jangchilari yo‘qotilgan pozitsiyalarni qaytarib olishga uringan dushmanlarga qarshi hujumga o‘tdi. Fashistlar muvaffaqiyatga erisha olmadi va Sotim Nurmatov hamda uning jangchilari qo‘shimcha kuchlar kelguniga qadar bu yerni egallab turdi. 

Internet tarmog‘ida ko‘pchilik qahramonlarimizdan biri bo‘lgan Jo‘raxon Usmonov (1923– 1945) ko‘rsatgan qahramonlik haqidagi ma’lumotlar ham saqlanib qolgan. U 69-o‘qchilar diviziyasining vzvod komandiri yordamchisi sifatida 1943 yil 29 sentyabrda Gomel viloyati hududidagi Soj daryosini kechib o‘tishda ishtirok etgan. Katta serjant vzvod bilan birga 30 dan ortiq dushman hujumini qaytargan. 9 nafar jangchisi qolganida ularning qurollari tugaydi. Ana shunday chorasiz sharoitda Jo‘raxon jasurona harakat qiladi – u jang maydonidan portlamagan granata va patronlarni yig‘ishni taklif qiladi. Jangchilar ulkan xavfga qarshi mardonavor harakat qilishga jur’at etadi va natijada, ular qo‘shimcha kuchlar yetib kelguncha, yetarli qurol-yaroqga ega bo‘lib, omon qolishdi. 

Internet tarmog‘idagi raqamli yodgorliklarda bunday qahramonliklar haqidagi ma’lumotlar juda ko‘p. Uning yuqorida sanab o‘tilgan imkoniyatlariga qo‘shimcha ravishda, bunday yodgorliklar ko‘p hajmdagi ma’lumotlarni o‘zida saqlashi va yosh avlod uchun qulayligini ham qo‘shish mumkin. bugungi yoshlar muzey va ko‘rgazmalarga borishdan ko‘ra, Internet orqali ajdodlari ko‘rsatgan qahramonliklar haqida tanishishi osonroq. Ayni paytda, virtual namoyish an’anaviy ko‘rgazmaga qaraganda ancha keng va boy bo‘ladi hamda hech bir muzey va xotira majuasi bunday keng ma’lumotni o‘zida jamlay olmaydi. 

Roman BONDARCHUK, O‘zA