Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonlik harbiylar xalqaro armiya o‘yinlarining ikki bosqichini muvaffaqiyatli boshladi (+video)
20:18 / 2022-08-13

13 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatida joylashgan «Alabino» poligonida VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining «Tank biatloni» musobaqasiga start berildi.

Musobaqaning birinchi divizioni yakkalik poyga shartida O‘zbekiston tankchilari Vetnam, Venesuela va Qozog‘iston jamoalarining birinchi ekipaj a’zolari bilan o‘zaro bellashdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan ma’lum qilinishicha, unda o‘zbekistonlik harbiylar qizil, vetnamliklar ko‘k, Venesuela jamoasi sariq va qozog‘istonliklar yashil rangli tanklarda harakat olib bordi. Tank komandiri katta leytenant Shahzod Mamadiyorov, mo‘ljalga oluvchi kichik serjant Islom Sobirov va mexanik-haydovchi katta serjant Karimjon O‘rinovdan iborat birinchi ekipajimiz mazkur jamoalar bilan munosib bellashdi.

Musobaqaning yakkalik poyga shartiga ko‘ra, T-72B3 tanklarida ekipaj a’zolari turli to‘siqlardan o‘tib, belgilangan nishonlarni yakson qildi. Shunday qilib, Xalqaro armiya o‘yinlarining eng jozibali va qiziqarli yo‘nalishi bo‘lmish «Tank biatloni» musobaqasining bugungi bahsi yakuniy natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik tankchilar ekipaji 25 daqiqayu 18 soniyada finishga yetib keldi. Qozog‘iston jamoasi finish chizig‘ini 25 daqiqayu 57 soniyada, vetnamliklar esa 34 daqiqayu 53 soniyada bosib o‘tgan bo‘lsa, Venesuela vakillari 47 daqiqayu 05 soniya natijani qayd etishdi.

Ma’lumot uchun, vakillarimiz harakat olib borayotgan birinchi divizionda jami 10 ta jamoa birinchilik uchun kurashadi, bular: Ozarbayjon, Belarus, Vetnam, Venesuela, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston va Rossiya Federatsiyasi. Yurtdoshlarimiz ishtirokidagi keyingi bahslar 16 va 20 avgust kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, bugun Markaziy harbiy okrugining «Forish» tog‘ poligonida «Dala oshxonasi» yo‘nalishining dastlabki bosqichi, ya’ni «Otish tayyorgarligi» bahslari o‘z yakuniga yetdi.

Unda O‘zbekiston, Tojikiston, Rossiya, Belarus hamda Vetnam davlatlarining harbiy oshpazlaridan iborat 5 ta jamoa ishtirok etdi. «Otish tayyorgarligi» bahslarining shartlariga ko‘ra, har bir jamoadan 6 nafar vakil ishtirok etib, 100 metr masofadagi nishonlarga qarata 10 marotabadan o‘q uzdi.

Musobaqaning ushbu bosqichi yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida quyidagi natijalar qayd etildi:

1. O‘zbekiston – 92,8 ball;

2. Vetnam – 83,5 ball;

3. Rossiya – 72,2 ball;

4. Belarus – 71,5 ball;

5. Tojikiston – 62,0 ball.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nQXpGznrQMY" title=""TANK BIATLONI": BIRINCHI SHART, BIRINCHI O‘RIN! | "ТАНКОВЫЙ БИАТЛОН": ПЕРВОЕ ЗАДАНИЕ, ПЕРВОЕ МЕСТО!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

O‘zA