Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonlik gruzinlar: Bag‘rikeng, mehnatsevar, samimiy xalq bilan birgamiz (+video) 
14:39 / 2024-06-06

Biz azaldan gruzin xalqining ajoyib raqslari, qo‘shiqlarini sevib tinglaymiz. Ayniqsa, “Mimino” filmi o‘zbeklar orasida juda mashhur.

Bugun O‘zbekistonda yashayotgan gruzinlar ko‘proq qaysi sohalarda ishlayapti? Ularning milliy qadriyatlar, an’analarni yoshlar ongiga singdirish, bag‘rikenglik borasidagi ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgan? 

O‘zbekistondagi “Megobroba” gruzin madaniyat  markazi raisi Eka Margishvili O‘zA muxbiri bilan suhbat jarayonida gruzin xalqining hayot tarzi, milliy qadriyatlari, an’analari va o‘zbek xalqi bilan do‘stona munosabatlari haqida so‘zlab berdi. 

—O‘zbekiston aholisining qancha qismini gruzin xalqi tashkil etadi?  

— Bugungi kunda O‘zbekistonda 3000 ga yaqin gruzin yashaydi. Albatta, ular son jihatdan kam bo‘lsada, lekin juda ham ahil-inoqlikda hayot kechirishadi. O‘zbekistonda yashayotgan gruzinlarning tarixi asrlarga borib taqaladi. Bizni umumiy madaniyat, an’analar, savdo aloqalari bog‘lab turadi. 

O‘zbekistondagi gruzinlar orasida ziyolilar ko‘p. Ular orasida yozuvchilar, rassomlar va jamiyatga foydali bo‘lgan boshqa ko‘plab soha vakillari bor. 

Qayd etish joizki, Gruziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy aloqalar ancha uzoq yillarga – Buyuk Ipak yo‘li, gruzin savdogarlari davriga to‘g‘ri keladi. 

— Bugun O‘zbekistonda gruzin xalqiga tegishli qanday tarixiy obidalar saqlanib qolgan?  

—O‘zbekiston hududida gruzinlar tomonidan ko‘plab tarixiy obidalar saqlanib qolgani biz uchun juda muhimdir. 

Misol uchun, juda qadimiy va mashhur Shota Rustaveli ko‘chasi haqida aytadigan bo‘lsam, hozirda u shaharning markaziy ko‘chalaridan biri hisoblanadi. Toshkentning markazida buyuk gruzin shoiri Shota Rustaveli haykali bor. Shota Rustaveli gruzin adabiyotining timsoli bo‘lib, gruzin yozuvchilarining birorta ham uchrashuvi uning hurmatisiz o‘tmaydi. Ko‘plab asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. 

Maktablarda uning asarlari nafaqat gruziyaliklar, balki butun xalqaro hamjamiyatning mulki hisoblanadi. Aytish joizki, gruzinlar va o‘zbeklarning madaniy va oilaviy an’analarida o‘xshash jihatlar ko‘p, tilimiz, shevamiz ham mushtarak. Biz o‘zbek tilini yaxshi tushunamiz. 

— O‘zbek xalqi bilan gruzin xalqi o‘rtasidagi munosabatlar haqida ham so‘zlab o‘tsangiz.  

— O‘zbekiston Respublikasida ko‘plab gruzinlar tug‘ilgan va biz O‘zbekistonni o‘z vatanimiz deb bilamiz. Bu yerda yashayotganimizdan juda xursandmiz. O‘zbek xalqi bilan gruzin xalqi o‘rtasidagi iliq munosabatlar meni juda xursand qiladi. 

Biz kamsonli xalq bo‘lsakda, har yili xalqlar do‘stligi kunini nishonlaymiz. Bu har bir xalq o‘z madaniyati va an’analarini namoyish etadigan bayramdir. 

Navro‘z, Mustaqillik bayramlarini doimiy ravishda nishonlaymiz. Masalan, Gruziyada avliyolar va uzum yig‘ish bayramlari juda muhim tadbir sifatida nishonlanadi. O‘zbek xalqi uchun muhim bo‘lgan Hayit bayramini o‘zbek xalqi kabi nishonlaymiz. 

—Gruzin xalqi ijodkor. Buni sizlarning san’atga, milliy qadriyatlarga o‘zgacha e’tiboringizdan bilish qiyin emas. Gruzin qo‘shiqlarida ko‘proq nimalar ifodalanadi?  

—Madaniyat va adabiyot uyg‘unligi millat uchun juda muhim. Sababi, har qanday millatni bir-biriga eng avvalo san’at yaqinlashtiradi. Gruzin xalqining qo‘shiqlari poydevorini onaga va tabiatga bo‘lgan muhabbat, sevgi tashkil qiladi. 

—Bugun gruzin yoshlari ko‘proq qanday sohalar bilan band?  

— Markazimizning yosh iqtidorli qizlaridan Kamilaning ijodi va iste’dodi bilan faxrlanamiz. O‘tgan yil Gruzin tili kunida yoshlarimizning rasmlari ko‘rgazmasini o‘tkazdik. Kamilaning rasmlari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. 

Shuni ham ta’kidlashni istardimki, yoshlarimiz  orasida iqtidorli  ijodkorlar juda ham ko‘p.  Ulardan biri Yekaterina Gachechiladzening fotosuratlari dunyoga mashhur “Vog” jurnalida namoyish etib boriladi. 

Undan tashqari hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan qizlarimiz bor. Ular kiyim-kechaklarga rasm chizish, ko‘zalar, likopchalarga milliy bezak berish bilan shug‘ullanadi. Masalan, shunday ijodkorlardan Ninoning o‘z studiyasi bor, u bolalar va kattalarga rasm chizishni o‘rgatadi. 

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ARIG_TUGb10" title="Oʻzbekistonlik gruzinlar: Bagʻrikeng, mehnatsevar, samimiy xalq bilan birgamiz" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Albatta, diasporaning kasbiy xizmatlarini alohida ta’kidlash kerak. Gruziya madaniyat markazining uch nafar  a’zosi tibbiyot fanlari nomzodi maqomiga ega bo‘lganini juda qadrlaymiz. 

Biz Zurab Sulakadze, Lali Silagadze va albatta, Nelli Amambadze kabi ajoyib shifokorlarimiz bilan faxrlanamiz. 

Bir nechta yigitlarimiz “Qizilqum”, “Lokomativ” kabi futbol klublarida to‘p tepishsa, yana ko‘plari yunon-rum kurashida muvaffaqiyat qozonmoqda. 

Nigora Rahmonova,

Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA