English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonlik ekspertlar Yevropada prognozlashtirish va xavfsizlik instituti direktori bilan uchrashdi
16:22 / 2022-11-15

Parij shahrida O‘zbekistonning yetakchi ilmiy markazlari - Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi vakillaridan iborat delegatsiya a’zolarining Yevropada prognozlashtirish va xavfsizlik instituti  (IPSE) direktori Emmanuel Dyupyui bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston-Fransiya hamkorligining joriy holati va rivojlanish istiqboli, ikki mamlakat ilmiy-tahlil markazlari sherikligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil Fransiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida e’lon qilingan tashabbuslarni amalga oshirishga doir masalalar alohida ko‘rib chiqildi.

Fransiyalik ekspert hamkorlikning o‘sish sur’ati, mintaqamiz taraqqiyoti hamda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash istiqbolini yuqori  baholadi.

Emmanuel Dyupyui Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan  yangicha mintaqaviy islohotlar tufayli Markaziy Osiyoda qulay siyosiy muhit yaratilgani, bu o‘zaro ishonchni mustahkamlash, har tomonlama manfaatli hamkorlik kengayishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Mintaqada shakllangan holat Fransiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama sheriklikni rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratmoqda.

Shu bois, Fransiya kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlaydi.

Mezbon tomon mamlakat yetakchisi rahbarligida amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi respublikamiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashiga, Markaziy Osiyoning jahon miqyosidagi geosiyosiy ahamiyatini oshirishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropada prognozlashtirish va xavfsizlik instituti vakillari o‘rtasida qo‘shma dasturlar, jumladan, ilmiy-tadqiqot ishlari, seminar, konferensiya va ekspertlar uchrashuvlari tashkil etishga doir amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishib olindi.

1998 yil Parijda tashkil etilgan “IPSE” xalqaro xavfsizlik va diplomatik kun tartibidagi asosiy tendensiyalarni istiqbolli tahlil qilishga alohida e’tibor qaratadi. Xalqaro muammolarni tahlil qilish va chop etish, turli seminarlar materiallari, nashrlarni tashkil etish va tarqatish maqsadida tashkil qilingan mazkur tahlil markazi Yevropa xavfsizligiga daxldor masalalar bilan shug‘ullanadigan milliy va Yevropa siyosatchilari uchun aniq takliflar ham ishlab chiqadi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA